2019 yilning mayida Ukrainadan chaqirib olingan Yovanovich biroz avvalroq Vakillar palatasida kongressmenlarga AQSh prezidenti impichmenti bo‘yicha tergovda ko‘rsatma bergandi.
Demokratlar Trampni Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatish tahdidi bilan Vladimir Zelenskiyga bosim o‘tkazish va uni o‘zining siyosiy raqibi, 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida demokratlar partiyasidan asosiy nomzod bo‘lishi kutilayotgan Jo Bayden va uning o‘g‘li Xanterga qarshi ish ochishga undaganlikda ayblashmoqda. Tramp har safar o‘ziga qarshi impichment haqida «jodugarlar ovi» deya ta'rif beradi.
Shanba kuni Associated Press nashrining YouTube-kanalida joylashtirilgan videoyozuv 2018 yilning 30 aprelida amerikalik tadbirkor, Trampning shaxsiy advokati Rudolf Julianining sobiq hamkori bo‘lgan Igor Frumanning telefoni orqali yozib olingan. Bu rolik Julianining yana bir sobiq hamkori, kelib chiqishiga ko‘ra SSSRdan bo‘lgan advokat Lev Parnas taqdim etgan boshqa dalillar bilan birgalikda impichment ishini ko‘rib chiqayotgan Senatga yuborilgan.
Videoyozuv 1 soat 23 daqiqa bo‘lib, uchrashuv vaqtida Tramp Ukraina AQSh yordamisiz «Rossiya tajovuzi»ga qancha vaqt qarshilik qila olishiga ham qiziqqan.
«Ular [Ukraina] Rossiyaga qarshi kurashga qancha vaqt dosh bera olishadi?», — deb savol beradi Trampniki deyilgan ovoz. So‘ng u Mari Yovanovichni Amerikaning Ukrainadagi elchisi (u 2016 yilda Barak Obama prezidentligi vaqtida lavozimga tayinlangandi) lavozimidan bo‘shatish mavzusiga o‘tadi.
Videoyozuvda Amerikaning Kiyevdagi elchisini «eng katta muammo» deb atagan Parnasning ovozi eshitilgan.
Yovanovichning ismini tilga olmagan holda Parnas u Ukrainada prezident impichmenti haqidagi mish-mishlarni tarqatib yurgani haqida gapiradi: «Umuman olganda, u hammayoqda kezib shunday demoqda: kutinglar, unga impichment e'lon qilinadi, kutinglar».
Shundan so‘ng prezident gapiradi: «Undan xalos bo‘linglar, ertagayoq haydab yuboringlar! Buni qanday qilishlaring meni tashvishlantirmaydi, ammo ertagayoq uni quvinglar! Okey? Bajaringlar».
Aftidan, prezident o‘sha vaqtda elchining ismini bilmagan, atrofidagilardan u haqida so‘ragan.
Ziyofat ishtirokchilari shuningdek, Ukraina energetika bozori, AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo faoliyati va sobiq prezidenti Jorj Bushning Yaqin Sharqdagi siyosatini muhokama qilgan.
















