Ayblov moddalarini Senatga yuborish Vakillar palatasi Qo‘shma Shtatlar prezidentiga impichment e'lon qilganidan qariyb bir oy vaqt o‘tib amalga oshmoqda.

Rasmiy ayblovlarning tasdiqlanishi davlat rahbari lavozimini tark etishini anglatmaydi - qarorni Senat qabul qiladi.

Chorshanba kuni o‘tkazilgan ishni Senatga oshirish bo‘yicha ovoz berish jarayonida kutilgan natija qayd etildi: qarorni Minnesotadan bo‘lgan kongressmen Kollin Pitersondan tashqari barcha demokratlar qo‘llab-quvvatlashdi, barcha respublikachilar qarshi chiqishdi - 228 kongressmen qarorni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 193 nafari qarshi ovoz bergan.

Ovoz berish jarayoni boshlanishidan avval Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Senatdagi eshituv vaqtida ayblovchilar vakillari sifatida qatnashadigan «menejyerlar»ni tayinladi.

Bu guruhni Kongressning razvedka bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Adam Shiff boshqaradi. Guruh a'zolari tarkibidan yuridik qo‘mita rahbari Jyerrold Nadler, shuningdek, kongressmenlar Zoi Lofgren, Hakim Jyeffris, Vel Demings, Jyeyson Krou va Silviya Garsia ham o‘rin olishgan.

Senatdagi eshituv qachon boshlanadi?

Bugun Vakillar palatasi vakillari spiker Nensi Pelosi bilan impichment moddalari matnining so‘nggi tahririni tasdiqlash bo‘yicha uchrashuv o‘tkazadi.

AQSh prezidenti o‘z mansabini suiiste'mol qilish va Kongress ishiga xalaqit berishda aybdor deb topilgan.

Keyin esa ayblov moddalari rasman Senatda taqdim etiladi. Shu bilan bir vaqtda senatorlar AQSh prezidentiga qarshi ayblovlarni «xolisona» ko‘rib chiqishga qasamyod qilishadi. Jarayon Oliy sud raisi Jon Robers tomonidan boshqarib boriladi.