O‘zbekiston | 13:10 / 27.01.2020
13950
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoydan qaytgan o‘zbekistonliklardan zudlik bilan shifokorga murojaat qilish so‘raldi

Yanvar oyida Xitoyning Uxan shahridan O‘zbekistonga qaytib kelgan o‘zbekistonlik talabalardan zudlik bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga bog‘lanish so‘raldi.

«O‘zbekistonning Pekin shahridagi elchixonasi va Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yil 25 yanvar kuni koronavirus tarqalishi sababli, Xitoy hukumati mamlakatning 1,2 milliard kishi istiqomat qiladigan 25ta provinsiyasi, markazga bo‘ysunadigan shaharlari va maxsus ma'muriy hududlarida sog‘liqni saqlash bo‘yicha eng yuqori darajadagi favqulodda vaziyatni joriy etdi. 

Xubey provinsiyasining 15dan ortiq shaharlarida maxsus karantin choralari joriy etilgan: transport vaqtincha to‘xtatilgan,  vokzallar va aeroportlar ishlamayapti. Pekin shahrida 30dan ortiq kishi ushbu kasallikni yuqtirgan bo‘lib, u yerda aksar diqqatga sazovor joylar, teatrlar, muzeylar, shu jumladan Taqiqlangan shahar yopilgan. 

Elchixona Xitoyda bo‘lib turgan yoki mamlakatga turizm va boshqa maqsadlar uchun tashrif buyurmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga barcha xavf-xatarlarni inobatga olish va barcha ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya qiladi», deyiladi Tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Elchixona yanvar oyida Uxandan vatanga qaytib kelgan o‘zbekistonlik talabalarni zudlik bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan +998909882330 (direktor o‘rinbosari B. Qurbonov), +998972755074 (bosh mutaxassis F. Qurbonbekov) telefon raqamlari orqali bog‘lanishni qat'iy tavsiya qilgan.

Tashqi ishlar vazirligi Xitoy hududidagi O‘zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatimizning Pekin shahridagi elchixonasiga (tel. :  +86 135-1102-4242 Bobur Yaxyayev,  +86 139 1175-4476 Shuhrat Umirov) hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga (tel. : +86 131-2255-5772,  Aziz Ulug‘bekov) murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tilgan.

Mavzuga oid