Jahon | 14:17 / 28.01.2020
14480
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada koronavirus yuqtirishda gumonlangan 12 kishi shifoxonaga yotqizildi

Turkiyaning Kappadokiya o‘lkasiga sayohat qilish uchun kelgan xitoylik 10 nafar turist va yana ikki nafar turkiyalik koronavirus yuqtirishda gumonlangan holda shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda Oqsaroy provinsiyasi gubernatori Ali Manti matbuot anjumani vaqtida ma'lum qilgan.

Phil Noble/Reuters

«Sayyohlardan birida kasallik simptomlari aniqlangach, ehtiyotkorlik yuzasidan u va u bilan birga yurgan 9 sayyoh, shuningdek gid hamda avtobus haydovchisi shifoxonaga yotqizildi», deya gubernatorning so‘zlarini keltirmoqda DHA agentligi.

Ulardan olingan tashxislar sog‘liqni saqlash vazirligiga yuborilgan. Natijalar chiqqunicha turistlar mahalliy shifoxonaning maxsus infeksion bo‘limida qolishadi.

Shuningdek, Germaniyada koronavirus bilan kasallanishga oid ilk holat tasdiqlandi.

Koronavirus keltirib chiqaradigan pnevmoniya Bavariyaning Shtarnberg okrugida qayd etilgan.

Robert Kox instituti mutaxassislari Bavariyaning boshqa fuqarolari kasallikni yuqtirish ehtimoli past ekanligini ta'kidlamoqda.

Virus aniqlangan erkak shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi. U yuqumlik kasalliklar bo‘limiga joylashtirilgan va boshqa bemorlardan ajratilgan. Uning holati qoniqarli ekanligi bildirilgan.

XXR sog‘liqni saqlash qo‘mitasining so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoyda tarqala boshlagan koronavirus keltirib chiqargan pnevmoniya bilan kasallangan bemorlar soni 4515 nafarni tashkil etmoqda, bu virusni yuqtirganlarning 106 nafari halok bo‘lgan. Xitoydan tashqarida Hongkong, Makao, Tayvan, Tailand, Yaponiya, Janubiy Koreya, AQSh, Kanada, Vetnam, Singapur, Nepal, Fransiya, Avstraliya, Malayziya va Kambojada ham virusni yuqtirib olganlar aniqlangan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid