Myunxendan unchalik uzoq bo‘lmagan hududda 33 yoshli bemor o‘tgan hafta Shanxaydan uchib kelgan xitoylik hamkasbi bilan ish joyida muloqot qilganidan keyin virusni yuqtirgan. Bavariya yeri hukumatining yuqumli kasalliklar bilan kurashish guruhi rahbari Andreas Tsapfning aytishicha, ayol Xitoydan qaytayotganda samolyotda salomatligida o‘zgarishlarni sezgan.
Bu Germaniya hududida koronavirus yuqishining birinchi holati bo‘ldi. Seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tsapf vahimaga tushmaslikka chaqirdi va Germaniyada hozir gripp mavsumi ekanligini eslatdi. Bavariya yeri sog‘liqni saqlash vaziri Melani Humlning aytishicha, bemor «o‘zini yaxshi his qilmoqda».
Xavfli koronavirus kuchaymoqda. Xitoy hukumati yangi taqiqlar joriy etdi
Shuningdek, Yaponiyada muqaddam Uxanda bo‘lmagan 60 yoshli erkak virusdan zararlangan. Taxminlarga ko‘ra, sayyohlik avtobusining haydovchisi bo‘lgan bu shaxs virusni uxanlik bir guruh sayyohlardan yuqtirgan. Yaponiya sog‘liqni saqlash vazirligi vakili buni tasdiqladi.

Ayni vaqtda Yaponiya Xitoydan tashrif buyuruvchilar uchun qo‘shimcha tekshiruvlarni joriy etdi.
Hongkong ham Xitoyning materikdagi qismi bilan aloqani to‘xtatgan - reyslar qabul qilinmayapti, temir yo‘l qatnovlari ham bekor qilingan. Bu haqda shahar rahbari Kerri Lem maxsus matbuot anjumanida ma'lum qildi.
Ko‘plab davlatlarning hukumatlari Uxan va uning atrofidagi shaharlardan fuqarolarini evakuatsiya qilishni rejalashtirmoqda. Ammo Xitoy hukumati karantin holatidagi shaharlardan odamlarni evakuatsiya qilishga rozilik bildirmoqchi emas.











