O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatida davlatimiz rivoji uchun o‘ta muhim g‘oyalar va islohotlar ilgari surildi. Barchasi tegishli sohalarning oldinga qarab dadil qadam qo‘yishiga zamin yaratadi, ularning kompleks tarzda hayotga tatbiq etilishi esa davlatimizni uzoq muddatli barqaror rivojlanishga sabab bo‘lishi shubhasiz.
Shular ichida O‘zbekistonning oxirgi asrlardagi iqtisodiy-ijtimoiy voqealigi, kerak bo‘lsa, xalqining taqdiriga katta ta'sir qilib kelgan qishloq xo‘jaligi sohasidagi inqilobiy yangilik xalqqa e'lon qilindiki, bu murojaatda tilga olingan eng e'tiborli va qadrli mavzulardan ekanligini e'tirof etish zarur. Ya'ni paxta va g‘alla uchun davlat buyurtmasini bekor qilish qarori kulminatsion va strategik ahamiyatga ega yangilikdir.
Bu nega muhim?
Nima uchun bu shunchalik muhim degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Qisqacha aytganda, paxta va g‘alla uchun davlat buyurtmasining bekor bo‘lishi fermerlar faoliyatida tubdan o‘zgarish keltirib chiqaradi, ularning o‘z yerlarida faoliyat yuritish erkinligiga turtki beradi, raqobat o‘sadi, ya'ni manfaat kuchayadi, bu esa o‘z navbatida qishloq xo‘jaligida unumdorlikning oshishiga olib keladi.
Prezidentimiz ham paxta va g‘alla xalqimizning kosasi oqarishiga olib kelmaganini ko‘p marotaba ta'kidlab kelmoqdalar: “Afsuski paxta bizni boqmadi” deyildi davlat rahbari nutqida. Shu bois so‘nggi paytlarda mazkur sohadagi liberal islohotlar dadil amalga oshirilmoqda, shu sababli ushbu qarorni murojaatdagi eng muhim yangilik, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qishloq xo‘jaligi, xohlaymizmi-yo‘qmi, boshqa barcha sohalarning faoliyatiga, kerak bo‘lsa, ushbu sohalarning rivojlanish istiqbollariga, hattoki, taqdiriga ta'sir qilib kelmoqda. Jumladan, agrar sohadagi mavjud munosabatlar davlatdagi qonun ustuvorligini ta'minlashga, shartnomaviy munosabatlarning rivojlanishiga, moddiy resurslarning taqsimlanish prinsiplariga, davlatdagi narx siyosati yuritilishiga, ma'muriy islohotlarga (ya'ni qaysi organ aslida qaysi funksiyalarni bajarishi kerak), korporativ boshqaruv tizimiga yoki bank-moliya sohasining ishlash prinsiplariga, umuman, bozor iqtisodiyotining qaror topishiga, qishloq hududlarining rivojlanishiga ta'sir qiladi.
Chunki bu sohaning real ishlashini ta'minlash uchun safarbar etiladigan kuchlar yuqoridagi sohalar bilan yaqindan hamkorlik qiladi va o‘z-o‘zidan ularni o‘z ta'siri ostiga oladi.
Shuni e'tiborga olib, qishloq xo‘jaligidagi yengilliklar boshqa sohalardagi mavjud qoidalar, prinsiplar, munosabatlarning ham rivojlanishiga olib keladi, deyish mumkin. Paxta va g‘allaga davlat buyurtmasining bekor bo‘lishi esa buyurtmachining bu sohaga aralashuvini kamaytiradi. Bu borada safarbar etib kelingan resurslar maqsadga muvofiq taqsimlanadi: xususan, hokimliklarga boshqa muhim strategik vazifalari, ayniqsa, bugungi kunda eng dolzarb bo‘lgan ijtimoiy soha bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratiladi.










