1 fevral kuni Bosh prokuraturada Yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish va egallab olishning oldini olish bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, sug‘oriladigan ekin yerlarining ajratilishi va foydalanilishi ahvoli hamda sohada qonuniylikni ta'minlashga doir masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Prezident administratsiyasi mas'ul xodimlari, komissiya a'zolari, Senat va Qonunchilik palatasi vakillari, Vazirlar Mahkamasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, «Davergeodezkadastr» qo‘mitasi, sohaga aloqador boshqa vazirlik va idoralar rahbar va mas'ul xodimlari ishtirok etishdi.

Joylardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari, Toshkent shahar, viloyatlar, tuman-shahar hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar organlari va soliq idoralari boshliqlari, sohaga aloqador vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari rahbarlari qatnashishdi.

Komissiya yig‘ilishida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev kun tartibidagi masala yuzasidan ma'ruza qildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda yer maydonlaridan foydalanish tizimini isloh qilishga oid 30dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.

Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun budjetdan ajratilayotgan mablag‘lar hajmi yildan yilga ortib bormoqda. Bu maqsad uchun 2017 yilda 463 mlrd. so‘m ajratilgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich 2018 yilda 559 mlrd., 2019 yilda esa 673 mlrd. so‘mni   tashkil etgan.

Ekin maydonlari samaradorligini oshirishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashga katta e'tibor qaratilmoqda. Bu davrda respublika bo‘yicha 170 ming gektardan ortiq maydonda suvni tejovchi texnologiyalar joriy etildi, natijada holati yomonlashgan 303 ming gektar yerning unumdorligi oshirildi.

Past hosilli paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirish, ular o‘rnida yuqori daromadli, eksportbop mahsulotlar yetishtirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. O‘tgan uch yilda hosildorligi past bo‘lgan 293 ming gektar ana shunday maydonlarning 257 ming gektarida daromadbop turli ekinlar yetishtirildi, 35 ming gektarida intensiv bog‘ va yangi tokzorlar barpo etildi. Ko‘rilgan choralar natijasida birgina 2019 yilda 48 ming gektar yaroqsiz yer maydonlari muomalaga kiritildi.