Termiz tumani «Soliobod» mahallasidagi bir guruh fuqarolar bergan qarzini qaytarib olishni bir necha yillab kutishdi. Ayrimlari hamon kutishmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Termiz tumani hokimining 2014 yil 30 apreldagi qarori bilan «Soliobod» mahallasidagi savdo do‘konlari buziladi. Maqsad — hududlarning arxitekturaviy-rejalashtirish qiyofasini yanada yaxshilash, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obektlarini jadal rivojlantirish hisobiga qishloq aholisining turmush darajasini oshirish. Bu yaxshi albatta. Zamon o‘zgaryapti, barcha obektlar ham shunga monand bo‘lmog‘i kerak. Bugun buni tushunmaydigan fuqaro kam topilsa kerak.

Lekin savdo do‘koni zamonaviy bo‘lmagani uchun buzilishiga rozilik bildirgan Bahodir Bahromov tovon pulini osonlikcha ololmaydi. Tuman hokimligi do‘kon egalariga kompensatsiyani to‘lab berishdan avval sudlashishni ma'qul ko‘radi. Natijada obekti buzilgan fuqarolar oylar, yillarni hokimiyat, sud eshigida o‘tkazib yubordi.

Buni qarangki, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudi 2016 yilning 25 yanvarida ishni do‘kondorlarning foydasiga hal qilib bo‘lgandi. Ushbu qarordan keyin ham bir necha marta qovun pishig‘i o‘tdi. Ammo hamon hokimiyatning pul bergisi yo‘q. 2018 yilning 7 fevralida o‘sha sud hal qiluv qarorini yangi ochilgan holat bo‘yicha bekor qilish haqidagi arizani rad qilish to‘g‘risida ajrim qabul qildi.

E'tibor qiling, ushbu ajrimgayam ikki yil bo‘ldi!

Kun.uz saytiga Bahodir Bahromovning turmush o‘rtog‘i Muhabbat Choriyeva murojaat qilib, sud qarori bo‘lishiga qaramay, buzilgan do‘kon kompensatsiyasini ololmay yurgani haqida xabar berdi.

Termiz tumanida bo‘ldik. Muhabbat opa bilan suhbatlashar ekanmiz, imkon qadar u kishidan bosiqroq bo‘lishni iltimos qildik. M.Choriyevani va'da, aldov va sarsongarchiliklar ancha holdan toydiribdi.

Murojaatchi hamrohligida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Qalandarovning fikrini eshitdik.

Shuhrat Qalandarov vaziyatdan yaxshi xabardor ekanini bildirdi. Shuningdek, hokimlik nafaqat «Soliobod» mahallasi, balki tumandagi jami 13 nafar fuqaroga tegishli noturar binolar kompensatsiyasini to‘lab bermoqchiligini ma'lum qildi. Bu haqda 2019 yilning 28 noyabrida viloyat hokimi To‘ra Bobolov nomiga chiqarilgan xatni ham ilova qildi.