31 yanvar kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2019-nCoV koronavirusning tarqalishini xalqaro darajadagi tibbiy favqulodda holat deb e'lon qildi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda virusdan zararlanish oqibatida kamida 259 kishi halok bo‘lgan, 11 791 ming kishi virusni yuqtirib olgan, ularning 1795 nafari og‘ir ahvolda. Virusdan zararlanish holatlari Xitoydan tashqari 23 davlatda aniqlangan.

Shunday holatda epidemiya o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyning Uxan shahrida 72 nafar O‘zbekiston fuqarosi qolmoqda.

Kun.uz muxbiri Uxanda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba Roza Ortiqboyeva bilan bog‘lanib, karantinda qolayotgan shahar, u yerdagi o‘zbekistonlik talabalar ahvoli haqida suhbatlashdi.

«Bakalavr bosqichini Toshkent tekstil va yengil sanoat institutida 2018 yilda tamomladim. Hozirda Uxan tekstil universitetining magistratura bosqichi 2-kursida tahsil olmoqdaman.

Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida «Bir makon – bir yo‘l» loyihasi asosida turli kelishuvlar mavjud. Ular orasida ikki davlat universitetlarining o‘zaro talaba almashish dasturi ham amal qiladi. Shu kelishuv bo‘yicha hozirda Xitoydaman.

Aslida virus dekabr oyida ma'lum bo‘lishni boshladi. Virus haqida dastlab Xitoy saytlari orqali o‘qidim. O‘sha paytda mendagi holat unchalik xavotirli emasdi, sababi bu xabar hali biror raqam va statistikalar bilan tasdiqlanmagan edi.

Shuning uchun boshida virusni Xitoyda odatdagi, tez-tez uchrab turadigan kasallik deb o‘yladim. Uni tezda davosi topiladi, deb o‘ylagandim», — deydi Roza Ortiqboyeva.

– Hozir virusdan saqlanish uchun qanday choralar ko‘ryapsiz?

– Biz shahar hali karantinga olinmagan paytdayoq ehtiyot choralarini ko‘rish haqida ogohlantirilganmiz. Sababi bu kabi universitetlarda xalqaro bo‘lim mutaxassislari talabalar bilan doimiy aloqada bo‘lib turishadi.

Karantin e'lon qilingandan keyin nazorat yanada kuchaytirildi. Masalan, talabalarga har uch kunda 10tadan xavfsizlik niqoblari beriladi.

Universitetga kirish va chiqishda doimiy nazorat o‘rnatilgan. Talabalar ta'lim muassasasi hududiga kirganda ham, chiqqanda ham maxsus ma'lumotnoma to‘ldirishadi. Bu ma'lumotnomada o‘zining sog‘lig‘i, chiqishdan maqsadi va boshqa ma'lumotlar to‘ldiriladi. Har bir talaba albatta tana haroratini o‘lchovchi maxsus detektor tekshiruvidan o‘tadi.