Sherzod Shermatov: Bolani pul topishga o‘rgatish yomon narsa emas
Pul yomon narsa emas. Boy bo‘lsangiz, ko‘proq odamga yordam bera olasiz, ko‘proq odamga yaxshilik qila olasiz, deya bolani pul topishga o‘rgatish borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi Sherzod Shermatov.
Bugun, 3 fevral kuni Britaniya Kengashi tomonidan tashkil etilgan «O‘zbekiston oliy ta'limida ijodiy tadbirkorlikka o‘qitish integratsiyasi» konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan keyin Kun.uz muxbiri Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov bilan suhbatda bo‘ldi.
– Ekspertlar Buyuk Britaniyada ijodiy tadbirkorlik bugungi kunda iqtisodiyotning katta ulushini tashkil etayotganini ta'kidlashdi. Ayting-chi, O‘zbekistonda ta'lim tizimiga ijodiy tadbirkorlikni tatbiq etishda yana qanday ishlar amalga oshirilishi kerak?
– Birinchidan, [ijodiy tadbirkorlik uchun] imkoniyat ochilyapti. "Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili" degani ijodiy tadbirkorlik uchun imkoniyat ochadi. Chunki prezidentimiz tomonidan asosiy masala qo‘yildi: internet infratuzilmasini rivojlantirish. Maktablarning hammasi ikki yilda keng polosali internetga ulash.
Ikkinchidan, [tadbirdagi chiqishim davomida] oddiy bir misol keltirdim. Amerikadagi 9 yoshli videobloger bola 1 yilda 26 million dollar ishlabdi. U faqat rasmlarini joylashtirgan, o‘yinlar o‘ynagan va shuning orqasidan 26 million dollar ishlayapti. Bu bolani bizning 10 yoshli boladan nima farqi bor? Ingliz tili. Shuning uchun ham Amerika Qo‘shma Shtatlari va Angliya bilan birga o‘qituvchilarning malakasini oshiryapmiz.
Keyingisi – internetga upload (ma'lumotlarni uzatish – tahr.) qilish uchun imkoniyat. Joylarda download (yuklash), Youtube`ni ko‘rishda qiyinchilik bo‘lishi mumkin, lekin bitta videoni upload qilish qiyinmas, amallab qilsa bo‘lyapti.
Yana bir muammo bor edi: o‘sha yerda ishlagan pulini bizning bankka olish. Bu masalada prezidentimiz murojaatnomada bank tizimini tubdan isloh qilish kerakligini aytdilar. Masalan, Paypal`da akkaunt ochish yoki Visa kartaga Amerikadagi YouTube`dan pul olish imkoniyati. Mana buni amalga oshirish kerak. Bu sohada bankirlarimiz ishlashgan, bu ham bo‘lyapti. Konvertatsiya ochilganining o‘zi juda katta imkoniyatlar beradi. Yaqinda bu ham «yurib ketadi».
Keyingisi – jamiyatimiz shuncha yil sotsializmda yashagan. Mana masalan, bu haqida bitta post qo‘ysam ham, uning tagida izohlar ko‘ryapman: «Ey vazir, noinsof, sen nima uchun pul haqida gapiryapsan». Ya'ni bolani pul topishga o‘rgatish degani xuddi bir salbiy, yomon narsadek. Pul yomon degan tabiat bilan biz uzoqqa bormaymiz. Pul topish yomon bo‘ladigan bo‘lsa, biz faqat kambag‘al davlatga aylanib qolamiz.
Pul yomon narsa emas. Boy bo‘lsangiz, ko‘proq odamga yordam bera olasiz, ko‘proq odamga yaxshilik qila olasiz. Juda katta bahslarga sabab bo‘lgan kitob bor, Robert Kiosakining «Boy ota, kambag‘al ota» kitobi. Aytmoqchi bo‘lgan narsam: shu narsani qancha yomon ko‘rganingiz sari o‘sha narsaga boraverasiz. Pulni yomon ko‘rsangiz, pul sizdan qochadi. Bu narsani aytsam, eski dunyoqarashdagi odam meni albatta toshbo‘ron qiladi. Lekin bu narsani sekin tushunib borish kerak.
Xalq ta'limi vazirining fikricha, bolalarni qiziqtiradigan narsalardan unumli foydalanish kerak.
«Bola kichik yoshligida kreativ bo‘ladi. Maktab uning ijodkorligini o‘ldirishi emas, undagi ijodkorlikni rivojlanishiga imkoniyat yaratib berishi kerak», – deydi u.
Shermatov prezident tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus muhim ahamiyatga egaligini ta'kidladi.
«Buning ortida juda katta ma'no bor. Bola san'at, rasm chizish, musiqaga qiziqsa, bularning bari ijodkorlikka olib keladigan narsalar.
Ijodkorlikka olib keladigan yana bir narsa – ko‘p millatli ekanimiz, madaniyatning xilma-xilligi. Turli xil madaniyat vakillariga bitta ish berilsa, ular bu [masalani] tezroq yechadi. Bu isbotlangan fakt. Bolalarni ko‘proq soft skills, o‘zaro hamkorlik, tadbirkorlikka o‘rgatishimiz kerak», – dedi Xalq ta'limi vaziri.
Sherzod Shermatov Markaziy bank, Xalqaro Moliya Korporatsiyasi bilan hamkorlikda maktablarda moliyaviy savodxonlik fanlarini o‘qitish, Global money week («Butunjahon pul haftaligi») tadbirlari bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqilayotgani haqida ham ma'lumot berdi.
Mavzuga oid
14:40 / 24.10.2024
“Ko‘proq ingliz tilida kontent qiling” – Sherzod Shermatov o‘zbek yutuberlariga ko‘proq daromad olish uchun tavsiya berdi
18:24 / 15.03.2024
Chet tilini biladigan yoshlarning yuqori maoshli ishga joylashishiga yordam beriladi
09:05 / 15.03.2024
“Amerikaga qilingan umumiy eksportning yarmidan ko‘pi IT kesimiga to‘g‘ri keladi” – Sherzod Shermatov
12:12 / 05.01.2024