Bildirilishicha, so‘nggi 30 yil davomida mazkur sohada deyarli hech qanday islohotlar amalga oshirilmadi. 

“Buning oqibatida esa jiddiy muammolar to‘planib qoldi. Soha rivojiga yetarli darajada e’tibor qaratilmagani va mutlaqo raqobat muhitining mavjud emasligi ortidan u monopoliya tamoyillari asosida rivojlandi. Tariflarning yuqoriligi va taqdim etilayotgan xizmatlar sifatining pastligi ham aynan shuning natijasidir”, - deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda mamlakat fuqaro aviatsiyasi sohasida bugungi kunda o‘z yechimini kutib turgan dolzarb masalalar yuzasidan turli-tuman fikrlar va munosabatlar bildirilmoqda. 

Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports kompaniyalari rahbariyati mazkur masala yuzasidan xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan bildirilayotgan fikrlarni doimiy ravishda kuzatib borayotgani aytiladi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi uch yilda aviatsiya bozorini liberallashtirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, sohaga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni zamon talablari darajasiga ko‘tarish bo‘yicha mamlakat fuqaro aviatsiyasi sohasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi. Aviatsiya bozorini liberallashtirish va raqobat muhitini tashkil etish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida respublikamizga qatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar soni 2017 yilda 15 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib ularning soni 23 taga yetdi.

“Yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida so‘nggi yillarda milliy aviakompaniya parki muntazam ravishda zamonaviy Airbus va Boieng laynerlari bilan yangilab borilmoqda.

Shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish orqali tashuvlar va aeroportlar faoliyati bo‘yicha vazifalarni mustaqil korxonalarga taqsimlash borasidagi ishlar nihoyasiga yetkazildi. 2019 yilning oktabr oyida “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK qayta tashkil etilib, bir-biridan mustaqil bo‘lgan ikkita Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports kompaniyalariga ajratildi.

Aviatsiya bozorini yanada liberallashtirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish maqsadida 2019 yilning oktabr oyidan e’tiboran Qarshi, Nukus, Termiz va Buxoro xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi” tartibini qo‘llagan holda “Ochiq osmon” rejimi joriy etildi. Bu jarayonlarning boshlanganiga esa bor yo‘g‘i endi uch oy bo‘ldi. Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish lozim, “Ochiq osmon” rejimi joriy etilishi birdaniga mamlakatimizga xorijiy reyslar sonining ortishi va parvozlar oqimining yuqori sur’atlarda ko‘payishida asosiy omil bo‘lib hisoblanmaydi.