Xalqaro Mehnat tashkilotining 2019 yil yakunlariga binoan hisobotida qayd etilishicha, «maktab o‘quvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinmagan, biroq bolalar mehnatining cheklangan holatlari hali ham ro‘y bermoqda. 2019 yilgi paxta terimida muntazam ravishda majburiy mehnat sodir bo‘lmagan». Bu haqda 5 fevral kuni «Islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda munosib mehnat» mavzusidagi davra suhbatida so‘z bordi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.  

XMTning O‘zbekistondagi bosh maslahatchisi Yonas Astrup tashkilot hisobotini e'lon qilar ekan, «2019 yilgi paxta terimi davrida muntazam ravishda majburiy mehnat sodir bo‘lmagani, islohotlar esa, bosqichma-bosqich davom etayotgani»ni bildirdi. Shunga qaramay, «mahalliy darajada ijroga bog‘liq muammolar hamon mavjud».

«2019 yilda paxta terishga majbur qilinganlar soni kamaygan, ammo anchagina majburiy mehnat holatlari kuzatilgan. 1,75 mln kishi (mehnatga layoqatli aholining 12,5 foizi paxta terimida ishtirok etgan bo‘lsa, ularning aksariyati ixtiyoriy ravishda terimda qatnashgan. Shuning barobarida 102 mingga yaqin kishi, (5,9) majburlashning shakllaridan biriga duch kelgan. Bu 2019 yilda majburlangan terimchilar soni 2018 yilga nisbatan 40 foizga kamayganligini anglatadi».

Umuman olganda, paxta terimiga jalb qilingan shaxslarning umumiy soni ham qisqarishda davom etgan, bu, asosan, paxta yetishtirishning qisqartirilishi va asta-sekin mexanizatsiyaning joriy qilinishi natijasidir.

Hisobotga ko‘ra, majburiy mehnatni qisqartirish sur'ati o‘tgan yillarga nisbatan biroz sekinlashgan. Bunday «holat» yangi me'yoriy hujjatlar qabul qilingach, ular amaliyotga joriy qilinganidan ko‘p o‘tmay sezilarli ta'sir ko‘rsatgani bilan izohlanadi. Majburiy mehnatdan foydalanishning davom etishi «qamrab olish qiyin bo‘lgan hududlar»ga xos yoki o‘zgarishi qiyinroq bo‘lgan ba'zi amaliyotlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, Xalqaro Mehnat tashkiloti 2020 yilda majburiy mehnatga barham berish borasida o‘z takliflarini ham hukumatga taqdim etgan. Unga binoan, O‘zbekiston hukumati 2020 yilda majburiy mehnatga barham berish maqsadiga to‘liq erishish hamda paxtachilikda va rivojlanayotgan to‘qimachilik va tikuvchilik sohalarida mehnatga oid asosiy tamoyillar va huquqlarini ilgari surish bo‘yicha sa'y-harakatlarini kuchaytirishi kerak.

Hukumat tomonidan joriy etilayotgan islohotlar majburiy mehnat bilan bog‘liq xatarlarni bartaraf etish va shu bilan birga zarur bandlik uchun imkoniyatlarni yaratish imkoniyatlariga ega. Iqtisodiy o‘sish ta'lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma va boshqa sohalarda kelgusidagi islohotlarni amalga oshirishga imkon beradi.