Diamond Princess kamida 19 fevralgacha karantinda qoladi / GETTY IMAGES

Laynerdagi yo‘lovchilarning jami soni 3700 kishiga yaqin - 2700 yo‘lovchi va kema ekipajining mingga yaqin a'zosi. Kema yana ikki haftaga yaqin vaqt davomida karantinda bo‘ladi.

Ushbu kema 20 yanvar kuni Yokogama shahridan Kagosima-Hongkong-Okinava yo‘nalishi bo‘yicha ikki haftalik kruizga jo‘nagan. Sayohat 4 fevralda tugashi kerak bo‘lgan. 

Biroq 20 yanvar kuni kemaga chiqib, 5 kun o‘tgach Hongkongda qirg‘oqqa tushgan yo‘lovchilardan biri, hongkonglik 80 yoshli pensionerda virus aniqlangach, bortdagilarning barchasini yoppasiga tekshirish boshlandi. 

Bu holat haqda Yaponiya hukumati xabardor qilingach, kruiz 3 fevral kuni Yokogamaga qaytganida unga portga kirishga ruxsat berilmagan.

Xuddi shu vaqtda yana bir kruiz layner Hongkong yaqinida karantinga olindi, uning qirg‘oqqa tushgan yo‘lovchilaridan 8 nafarida koronavirus aniqlangan. «Uorld drim» bortida qolgan 3600 kishida hozircha virusdan zararlanish holati tasdiqlanmadi.

Britaniya-Amerika kompaniyasiga tegishli bo‘lgan «Uesterdam» layneriga ham yapon portlariga kirish taqiqlangan, holbuki uning bortida virusdan zararlanish holati haqida ma'lumot yo‘q.

Yo‘lovchilarning aytishicha, karantindagi sharoitlar ideal emas / GETTY IMAGES

Ayni vaqtga kelib Yaponiya hududida koronavirusni yuqtirib olganlar soni 86 kishini tashkil etmoqda. Bu Xitoydan tashqaridagi hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir.