Avvalroq Kun.uz saytida Qamashi tumanida faoliyat yuritadigan «Ali-Muhammad-Bek Invest» MChJ rahbarining roziligisiz, unga tegishli yer maydonidan o‘nga yaqin gaz quvurlari tortilgani, buning oqibatida tadbirkorga qarashli yer maydonining yaxlitligiga putur yetib, mulk huquqlari poymol etilayotgani, gaz quvurlari esa tegishli tashkilotlarning turli yolg‘on bahonalari bilan boshqa joyga ko‘chirilmay qolayotgani haqida maqola e'lon qilingan edi.

Materialni tayyorlash davomida Qamashi tuman hokimligida vaziyat yuzasidan tegishli mas'ullarning izohlari olingan bo‘lsa-da, tuman hokimligi bu masalaga mutlaqo «o‘zgacha rakurs»dan qaralgan munosabatini e'lon qildi.

Unda bir guruh tadbirkorlar «Qamashi tumani iqtisodiyotining yuksalishi tayanchidir» deb ko‘kka ko‘tariladi. Albatta, bu masalada tuman hokimligini tushunish mumkin, har bir hokimlik tumanda ko‘proq tadbirkor bo‘lishi va ular yordamida tumanning iqtisodiy salohiyati yaxshilanishi, aholi ko‘proq ish bilan ta'minlanishini istaydi.

Ammo bu hokimlikka tadbirkorlarga nisbatan ularning imkoniyatlari va moliyaviy salohiyatidan kelib chiqib ayricha munosabatda bo‘lish, tumanga kamroq foyda keltirayotgani uchun tadbirkorning mulkini tortib olish, huquqlarini poymol etish va o‘zi istagandek qarorlar qabul qilish huquqini bermaydi.

Qamashi tuman hokimligi o‘z munosabatida iqtisodiy jihatdan baquvvat bo‘lgan tadbirkorlarga yon berib, zaif tadbirkorlarning mulkiy huquqlarini buzayotganini ochiqchasiga tan olmoqda.

Munosabatda hokimlik «Ali-Muhammad-Bek Invest» MChJga tegishli binoni «abgor holatdagi imorat» deb atagan. To‘g‘ri, munosabatda nomlari keltirilgan boshqa tadbirkorlarning mol-mulklari oldida Nazarovaga tegishli mulk oddiy bo‘lishi mumkin, ammo «abgor» emas. O‘sha mulk abgor bo‘lgan taqdirda ham, u daxlsiz hisoblanadi. Qamashi tuman hokimligi esa tadbirkor Bibixalima Nazarovaning mulkiga tadbirkorning ruxsatisiz daxl qilgani yetmaganday, bugun uning o‘zini aybdor qilishga urinmoqda.