Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligiga asoslanib NHK telekanali xabar qilishicha, yana 60 nafar yo‘lovchida koronavirus bo‘yicha o‘tkazilgan testlar ijobiy natija ko‘rsatgan.
Vazirlik vakili ma'lum qilishicha, ular harorati ko‘tarilgan va yo‘tala boshlagan, shuningdek, koronavirus simptomlari mavjud odamlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan yo‘lovchilar hamda ekipaj a'zolarida tekshiruvlar o‘tkazishgan.
The Japan Times nashrining yozishicha, sog‘liqni saqlash vaziri Katsunobu Kato mamlakat hukumati laynerdagi barcha yo‘lovchilarni koronavirusga chalingani bo‘yicha tekshirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytgan. U yo‘lovchilar va ekipaj a'zolariga barcha testlar natijalari chiqqanidan keyingina laynerni tark etishga ruxsat berilishini ta'kidlagan.
Ikki haftalik karantin
«Daymond prinsess» layneriga 5 fevral kuni ikki haftalik karantin e'lon qilingandi. Uning bortida yo‘lovchilar va ekipaj a'zolari bo‘lgan 3 700 kishi bor edi. Kemadagilarning yarmi - Yaponiya fuqarolari, qolgan qismi - 56 mamlakatga mansub.
Layner Yokogama portidan 20 yanvar kuni chiqqan va Kagosima - Hongkong - Okinava yo‘nalishida harakatlangan, 3 fevral kuni ortga qaytgan. Bu vaqtga kelib layner bortidagi bir necha kishi betob bo‘lib qolgan, shundan keyin Yaponiya hukumati bortda bo‘lganlarning barchasini tekshirishni boshlagan.
5 fevral kuni tibbiyot xodimlari 10 nafar yo‘lovchida yangi 2019-nCoV virusi keltirib chiqaradigan pnevmoniyani aniqlashgan. Ular Kanagava prefekturasidagi shifoxonaga joylashtirilgan.
Yaponiya hukumati ma'lumotiga ko‘ra, bu yo‘lovchilarga virusni kruiz vaqtida kemada bo‘lgan va keyinroq Hongkongda tushib qolgan 80 yoshli yo‘lovchi tomonidan yuqtirgan. Tashuvchi kompaniya ma'lumotiga ko‘ra, hongkonglik yo‘lovchi Yaponiyaga samolyotda kelgan va 20 yanvardan 25 yanvargacha «Daymond prinsess»da sayohat qilgan. U Hongkongga qaytganida unda ham koronavirus aniqlangan.
Kruiz layner bortida epidemiya. Koronavirus bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlar



















