Iqtisodiyot | 13:13 / 11.02.2020
17153
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda eksport hajmining o‘sishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar ochiqlandi

Korxona va tashkilotlar mahsulotlariga tashqi bozorlardagi talab va narx bo‘yicha ma'lumotlarning yetarli emasligi hamda eksport qilish bilan bog‘liq jarayonlarning murakkabligi kabi omillarning salbiy ta'siri ortib borayotganligi ma'lum bo‘ldi

Foto: Shutterstock

2019 yilning IV choragi yakuni bo‘yicha real sektor korxonalari bilan o‘tkazilgan so‘rov natijalari mazkur chorak mobaynida mamlakatda iqtisodiy faollik darajasining yuqori darajada saqlanib turganligini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Markaziy bank sharhida aytilgan.

2019 yilning IV choragi yakuni bo‘yicha so‘rovda qatnashgan korxonalarning 64 foizi (2019 yilning III choragida 65 foiz) ishlab chiqarish hajmlarining real hisobda oshganligini ma'lum qilgan.

Shuningdek, so‘rov doirasida mahsulot ishlab chiqarish hajmining oshishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar o‘rganilgan bo‘lib, bunday omillar sifatida xomashyo materiallari (34 foiz) va energiya manbalari (27 foiz) narxlari balandligini hamda soliq yukining yuqoriligi va soliq ma'muriyatchiligining murakkabligini (21 foiz) qayd etgan korxonalar ulushi yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

2019 yil IV choragida eksport hajmi o‘zgarishi indeksining III chorak darajasida (71) shakllanganligi so‘nggi chorakda ham eksport hajmlari oshishining yuqori tendensiyasi saqlanib qolganligini ko‘rsatmoqda. 

Bunda, eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning 55 foizida eksport hajmi oshgan bo‘lsa, eksport hajmining kamayganligini ma'lum qilgan respondentlar ulushi III chorakdagi 18 foizdan 14 foizgacha qisqargan.

Eksport hajmining o‘sishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar o‘rganilganda, korxona va tashkilotlar mahsulotlariga tashqi bozorlardagi talab va narx bo‘yicha ma'lumotlarning yetarli emasligi hamda eksport qilish bilan bog‘liq jarayonlarning murakkabligi kabi omillarning salbiy ta'siri ortib borayotganligi ma'lum bo‘ldi.

2019 yilning IV choragida iqtisodiyot real sektorida mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi umuman olganda III chorak darajasida saqlanib qolgan bo‘lib, foydalanish darajasi 70 foizdan yuqori bo‘lgan korxona va tashkilotlar ulushi 64 foizni tashkil qilgan.

Bunda, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanmaslikning asosiy omillari sifatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga talabning pastligini qayd etgan respondentlar ulushi III chorakdagi 18 foizdan IV chorakda 23 foizgacha, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta'minoti bilan bog‘liq muammolarni ma'lum qilgan respondentlar ulushi 19 foizdan 22 foizgacha ko‘paygan.

Mavzuga oid