Go‘sht qimmatlashmoqda!
Chorvachilikni rivojlantirish kerak!
Sut mahsulotlari iste'moli kam!
Chorvachilikni rivojlantirish kerak!

To‘g‘risini aytganda, Vazirlar mahkamasining sohani rivojlantirishga oid qarorlarini sonini aytmay qo‘yaqolaylik, davlat rahbarining o‘zi ham bu borada ko‘plab farmon-u qarorlarni imzolagan, ammo joylarda chorvachilik bilan bog‘liq haqiqiy ahvol qanaqa? Davriy nashrlarda, turli OAVlarda chorvachilik rivojlanayotgani haqida ko‘p maqola, xabarlarga ko‘zimiz tushadi. Lekin, aynan bu sohada ishlarimiz qoniqarli emasligi bois, Qozog‘iston O‘zbekistonga tirik qoramol sotishni taqiqladi.

Kun.uz tahririyati nafaqat meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan, balki chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklarining yerlari noqonuniy olib qo‘yilgani haqida ko‘plab tanqidiy maqolalar e'lon qilgan. Yaqinda, shunday muammoga duch kelgan yana bir chorvador fermer xo‘jaligining yeri noqonuniy olib qo‘yilishi bilan bog‘liq sud jarayonlari poyoniga yetdi. Kun.uz muxbiri ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan sud majlisi Oliy sud ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atida ko‘rib chiqilib, ikkinchi marotaba, 350 bosh qoramolni boqib, arzon go‘sht va sut yetkazib berib turgan bir tadbirkor taqdiri e'tiborga olinmagan holda, ta'bir joiz bo‘lsa, quyi instansiyaga «tepib yuborildi».

Keling, holatni lo‘nda tilda tushuntirishga harakat qilaylik. 2020 yil 21 yanvarda Oliy sud sudyasi A. Murodov raisligida bo‘lib o‘tgan sudlov hay'ati «... Milk and Meat Agro MChJning nizoli yer uchastkalariga nisbatan bo‘lgan huquqi quyidagi qonun talablari buzilgan holda bekor qilingan...», deya e'tirof etgani holda, yakunda «mazkur ish yuzasidan qabul qilingan Qibray tuman ma'muriy sudining 2018 yil 14 dekabrdagi hal qiluv qarori va Sirdaryo viloyat ma'muriy sudi kassatsiya instansiyasining 2019 yil 3 iyundagi qarori bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiyaga yuborilsin», deya qaror qabul qiladi.  

Sudlov hay'ati o‘z qaroriga sabablarda ta'kidlashicha, «birinchi instansiya sudining hal-qiluv qarori qabul qilinganidan so‘ng, nizoli yer uchastkalari Zangiota tuman hokimining 2019 yil 11 fevraldagi 48/897, 48/898, 48/911, 48/916-sonli qarorlari bilan 4ta fermer xo‘jaligiga va 15 nafar sub'yektlarga berilgan bo‘lib, arizachining talabi bo‘yicha qabul qilinadigan sud qarori ushbu shaxslarning huquqlariga daxl qilishi sababli ular ishga uchinchi shaxs sifatida jalb qilinishi lozim bo‘ladi».