11 fevral kuni Nyu-Hempshirda o‘tkazilgan praymeriz triumfatori, Vermont shtatidan mustaqil senator Berni Sanders ovoz berish natijalarini «Tramp davrining tugashi» deb atadi.
Nyu-Hempshirdagi praymerizda (boshlang‘ich saylov) demokratlarning 280 mingga yaqin vakili qatnashdi va ularning 26 foizining ovozi 78 yoshli Sandersga - o‘ta so‘l qarashlarga ega siyosatchiga nasib etdi.
Ammo u o‘zining eng yaqin ta'qibchisi, markazchilarning qarashlarini ifodalovchi 38 yoshli Pit Buttidjichni katta farq bilan ortda qoldira olmagan - 1,6 foiz, bu taxminan 4300 ovoz degani.
Nyu-Hempshir shtatidagi praymeriz natijalaridan keyin AQShdagi kuzatuvchilar Sanders noyabr oyidagi prezidentlik saylovlarida Demokratlar partiyasidan nomzod bo‘lishi mumkinligini tan olishmoqda.
«2016 yilgi kampaniya vaqtida demokratlar uni haddan tashqari so‘l va radikal nomzod sifatida ma'qullashmagandi. Ammo, aftidan, Bayden haddan tashqari ko‘p xato qildi, xuddi o‘z vaqtida Hillari Klinton bilan bo‘lgani kabi. Uning nomzodi Demokratlar partiyasining ashaddiy tarafdorlariga ham yoqmayapti», - deydi siyosatshunos, Stoni-Bruk universiteti professori Jonatan Sanders.
AQShda Berni Sandersni sotsialist deb hisoblashadi. Raqiblari doimo u yoshligida Amerika Sotsialistik partiyasining yoshlar qanoti a'zosi bo‘lgani, 1980-yillarda 10 kun davomida Sovet Ittifoqi hududiga safar qilgani, «asal oyi»ni aynan shu yerda o‘tkazganini eslatishni yaxshi ko‘rishadi.
Mahalliy vaqt bilan 12 fevralga o‘tar kechasi Demokratik partiya a'zolari ovoz bergan saylov uchastkalarining 90 foizidagi natijalar e'lon qilindi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, mustaqil senator Indiana shtatidagi Saut Bend shahrining sobiq meri Pit Buttidjichni biroz farq bilan ortda qoldirib, 26 foiz ovoz olgan. Minnesota shtatidan senator bo‘lgan Emmi Klobushar uchinchi bo‘lgan, u 20 foiz ovoz olgan.

Praymeriz natijalari e'lon qilinishidan bir necha daqiqa oldin Nyu-Hempshir shtatidagi tarafdorlari oldida chiqish qilgan Sanders prezidentlik lavozimi uchun Demokratik partiyadan aynan o‘zi nomzod bo‘lishini ma'lum qildi.
«Biz g‘alaba qozonamiz. Ayovada odamlar shunday ovoz berishdi, bu yerda ham g‘alaba qozondik, endi Nevada va Janubiy Karolinaga yo‘l olamiz va u yerlarda ham g‘alaba qilamiz», deydi u.
Nyu-Hempshir shtatidagi boshlang‘ich saylov natijalaridan keyin prezidentlik uchun ikki nomzod saylovoldi poygasini tark etishga majbur bo‘ldi. Tadbirkor Endryu Yang va koloradolik senator Maykl Bennet mag‘lubiyatni tan oldi. Shu tariqa, keyingi saylovda Demokratik partiyaning to‘qqiz nomzodi ishtirok etadi.













