Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev parlamentning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid masalalarni hal qilishdagi vakolatlarini kengaytirish mavzusida jurnalistlarga intervyu berdi.
– Bundan 15 yil oldin, ya'ni 2005 yilda chop etilgan «Markaziy Osiyodagi geosiyosat» kitobingizda Markaziy Osiyodagi siyosiy jarayonlar, iqtisodiy munosabatlar, chel el investitsiyalarini jalb etish, mamlakatda xorijiy biznes uchun qulay sharoitlarni yaratish borasida fikr yuritgansiz va Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston oldida ana shu mushkul muammoni hal etish vazifasi turganini ta'kidlagansiz.
Oradan 15 yil o‘tdi. Bugun O‘zbekistonda bu borada yaratilgan imkoniyatlarni o‘sha davr bilan taqqoslab, necha foizga baholaysiz? Yangi parlament, yangi O‘zbekiston bu borada yana qaysi sohalarda ish olib borishi kerak, deb hisoblaysiz?
– Avvalambor, bu kitobni eslaganingiz men uchun katta sharaf. Savolingizda bir necha savol mujassam. Men ularga birma-bir javob berishga harakat qilaman.
Markaziy Osiyoda turgan fundamental masalalar, muammolar o‘zgargani yo‘q.
Ularning eng asosiysi shundan iboratki, Markaziy Osiyo tarixan yagona iqtisodiy, ko‘p nuqtayi nazardan madaniy hudud bo‘lib kelgan. U tarixan birga bo‘lgan. Faqatgina tarix taqozosi bilan o‘z vaqtida ular alohida mamlakatlarga bo‘linib ketdi. Lekin ularning bir-biri bilan uzviy bog‘liqligini hech kim inkor qilolmaydi.
Tushunamizki, bu mintaqa davlatlari oldida turgan maqsadlarga faqat birgalikda erishishi mumkin, faqat mushtarak harakatlar orqali ularni qiynayotgan muammolarni hal etishi mumkin.
Masalan, ekologik muammo yoki suv tanqisligi muammosi. Yoki, bizning anklav ekanimiz, dengizga chiqish imkoniyatimiz cheklangani. Bularni hech bir mamlakat alohida hal etolmaydi, ularni faqat birgalikda hal etishimiz mumkin.
Yoki afzalliklarimiz haqida gapiradigan bo‘lsak, bizda energetik zaxiralar ko‘p. Hech bir davlat o‘z zaxiralarini dunyo bozoriga boshqa davlatning ustidan sakrab olib ketolmaydi. Infratuzilmani birgalikda rivojlantirishimiz kerak.
Safoyev so‘nggi uch yilda Markaziy Osiyodagi geosiyosiy va geoiqtisodiy vaziyat batamom o‘zgarganini ta'kidladi.















