Jamiyat | 14:42 / 13.02.2020
48758
4 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qonda Xitoydan qaytgan talaba o‘limi haqida xabar tarqaldi. Vazirlik u is gazidan vafot etganini ma'lum qildi

5 fevral kuni Qo‘qonda Xitoydan qaytgan 20 yoshli talaba vafot etgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi uning o‘limi sababi is gazidan zaharlanish bo‘lganini ma'lum qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi internetda 5 fevral kuni Qo‘qonda Xitoydan qaytgan 20 yoshli talaba yigit vafot etgani, uning o‘limi koronavirus bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

«Joriy yil 5 fevral kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Hayotobod qishlog‘ida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan Abduqodirov Muhammadbobur Munavvar o‘g‘li o‘zi istiqomat qiladigan uy hammomiga yuvinish uchun kirib ketib, bir necha soat davomida qaytib chiqmagan. Shundan so‘ng uning yaqinlari hammom eshigini buzib kirishganida yigit jonsiz holatda yotganligi ma'lum bo‘lgan.

Garchi fuqaro hammomdayoq hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa-da, yaqinlari Qo‘qon shahar shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib borishgan. Qabul diagnostika bo‘limida reanimatologlar tomonidan jasad zudlik bilan ko‘rilganda, biologik o‘lim allaqachon sodir bo‘lgani tasdiqlangan. Bu haqda darhol huquq-tartibot organlariga xabar berilgan va murda sud tibbiy ekspertizadan o‘tkazish uchun Qo‘qon shahar sud tibbiy ekspertizasiga yuborilgan. Dastlabki sud tibbiy tekshiruvidan o‘tkazilganida marhumda is gazidan zaharlanishga xos bo‘lgan maxsus spetsifik belgilar aniqlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, M. Abduqodirov til o‘rganish maqsadida Xitoy davlatiga borgan bo‘lib, joriy yil 31 yanvar kuni Janubiy Koreya davlati orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan.

U yurtimizga qaytib kelgan kuniyoq O‘zbekiston tumanidagi 71-sonli qishloq oilaviy poliklinikasida tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va ikki haftalik nazoratga olingan bo‘lib,unda hech qanday kasallik alomatlari aniqlanmagan. Buni M.Abduqodirovning ambulator kartasidagi ma'lumotlar hamda yaqinlari bilan o‘tkazilgan suhbat ham tasdiqladi.

Dastlabki sud tibbiy ekspertiza xulosalariga ko‘ra, M.Abduqodirovning o‘limi is gazidan zaharlanish oqibati bo‘lib, ayni paytda Xitoyda tarqalgan koronavirus xastaligi bilan hech qanday bog‘liqlik alomatlari aniqlanmadi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish shtabi O‘zbekistonda 12 fevral holatiga ko‘ra koronavirusga chalingan bemorlar yo‘qligini ma'lum qilgan.

Shu kungacha 834ta namuna koronavirus infeksiyasiga tekshirilgan va ushbu namunalarda koronavirus infeksiyasi topilmagan.

«Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga joriy yilning 11 fevral kuni xorijiy davlatlardan 30ta samolyot qabul qilinib, 3873 nafar fuqaro, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ markaziy sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6ta sanitariya-karantin punktidan 5ta poyezdda jami 1121 nafar fuqaro, Davlat chegara kesishish punktlaridagi sanitariya-karantin punktlar orqali 45 252 nafar fuqaro termometriyadan o‘tkazildi.

12 fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida koronavirus kasalligi qayd etilmadi», deyiladi agentlik xabarida.

 

Mavzuga oid