O‘zbekiston | 15:10 / 17.02.2020
35406
3 daqiqa o‘qiladi

Telegram’da «tozalash»: O‘zbekistondagi kanallar 4 millionga yaqin soxta obunachisidan ayrildi

15–16 fevral kunlari Telegram messenjerida o‘tkazilgan «tozalash» natijasida O‘zbekistondagi kanallar 3 945 878ta obunachisini yo‘qotdi.

Foto: KUN.UZ

Telegram kanallar haqidagi statistikasini kuzatib boruvchi Telegram Analytics saytidan O‘zbekistondagi qaysi kanallar katta yo‘qotishga uchraganini ko‘rish mumkin.

Bu – Telegram’ning vaqti-vaqti bilan o‘tkazib turiladigan, sun'iy bot akkauntlaridan keng ko‘lamli tozalash ishlari natijasi hisoblanadi.

Bunday raqamli operatsiya bundan avval ham bo‘lgan, eng kattasi 2019 yilning iyun oyiga to‘g‘ri kelgandi. O‘shanda yo‘qotilgan obunachilarning umumiy soni birgina O‘zbekistonning o‘zida 11 kun ichida 12,3 milliontani tashkil qilgan. Bir oy o‘tib esa, navbatdagi operatsiyada 10,1 millionta akkaunt yo‘qotilgan.

Tozalash ishlari O‘zbekistondan tashqaridagi kanallarga ham katta ta'sir qilgan. Bu gal Rossiya – 6,9 mln, Ukraina – 250 ming, Eron – 5,3 mln. dona akkaunt kanallar obunachilari safidan o‘chirildi. Qozog‘istondagi kanallar esa qariyb yuz ming soxta akkauntdan tozalangan.

Osiyoning janubiy qismida soxta akkauntlar hisobiga kanal obunachilarini ko‘paytirish usuli ixtiro qilingan bo‘lib, O‘zbekistondagi ayrim «ko‘ngilochar» Telegram-kanallar ham bu usullardan foydalanib kelishadi. Avvalgi tozalashlar oqibatida qing‘ir yo‘llar bilan obunachilari sonini ko‘paytirayotgan, hatto millionlik marrani «zabt etgan» kanallarning ko‘rsatkichlarida keskin qulash kuzatilgan edi.

Ular bu usuldan foydalanib, reklama beruvchilarning reklamasini aslida yo‘q foydalanuvchilarga go‘yoki namoyish etishga qiziqtirib, aldab kelishayotgandi. Botlar va soxta foydalanuvchilarga qarshi kurash e'lon qilingandan beri shubhali kanallar minglab «foydalanuvchisi»dan ayrilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Obunachilar sonini ko‘paytirish xizmati»dan foydalanmagan kanallarda muntazam o‘sish davom etmoqda. Buni Telegram Analytics saytidan ham ko‘rish mumkin.

Aksariyat rasmiy ommaviy axborot vositalarining Telegram kanallari tozalashdan zarar ko‘rmadi. Jumladan, Kun.uz saytining Telegram kanalida barqaror o‘sish kuzatilib, so‘nggi bir oyda obunachilar soni 5 foizga o‘sdi.

@kunuzofficial kanali postlar qamrovi, bir kunlik ko‘rishlar soni hamda auditoriyaning jalb qilinganlik darajasi bo‘yicha O‘zbekistondagi yetakchi Telegram kanal hisoblanadi. Buni quyidagi jadvaldan ham ko‘rish mumkin. 

Mavzuga oid