Qishning qoq chillasida Andijon viloyatining Buloqboshi tumanidan o‘tgan yo‘l bo‘yidagi qishloqlarda ajoyib go‘zalliklarga guvoh bo‘lish mumkin.
Uyali aloqa operatori antennasida yoki yo‘l bo‘yidagi simyog‘ochlarda ko‘plab laylaklar inlari bor.



Laylak asli issiqsevar qush va havo harorati sovishi bilan issiq o‘lkalarga uchib ketadi. Biroq so‘nggi yillarda ular O‘zbekistonda qolishni ma'qul ko‘rmoqda.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, qadimdan Yevropa laylaklari qishda Afrikaga, Markaziy Osiyodagi qushlar esa Hindistonning g‘arbiy qismiga uchib ketishni odat qilishgan.
«Farg‘ona vodiysida ayrim juftlar sovuq faslda ham qolayotganiga guvohmiz. Aslida laylaklar issiq faslda kelib, tuxum qo‘yib, bola ochib so‘ng sentabr-oktabr oylarida uchib ketardi», deydi Andijon davlat universiteti o‘qituvchisi, dotsent Anvarjon Ummatov.
Mahalliy aholi vakillaridan birining aytishicha, laylaklar so‘nggi besh yil davomida migratsiya qilmay qo‘yishgan.
«Besh yildan beri laylaklar ketmay qo‘yishdi. Ertalab kun isishi bilan ozuqa izlab uchib ketishadi. Tushga yaqin kelib, tumshuqlarini taqilatib, dam olishadi. O‘zimizning qadrdon laylaklar. Qishloq ahli ularning harakatlarini zavqlanib kuzatamiz», deydi shu yerlik otaxon.

Namangan viloyati Uychi tumani To‘qay qishlog‘i yo‘l chetidagi qator elektr simyog‘ochlarida ham laylak uyalarini ko‘rish mumkin.
«Uch yildan beri uch jufti har yili qoladi. Tuxum qo‘yib ochgan paytda yo‘l chetiga yo‘lovchilar to‘planib, bolasiga uchishni o‘rgatayotganini tomosha qilishadi», deydi To‘qay qishlog‘ilik Akramjon Musaxanov.




















