«PSJ» hujum chizig‘i haqida gap ketganda, ba'zida ko‘z oldimizga Neymar keladi, ba'zida Mbappe. Ikardi va Kavanidan qaysi biri foydali ekani haqida ham bahslashish mumkin. Ammo yarimhimoyaga kelganda, faqat bir nom atrofida to‘xtab qolamiz – Anxel Di Mariya.

Argentinalik yarim himoyachi bir necha yildan beri Parij klubining haqiqiy motoriga aylangan. Uning uchun ushbu mavsum ayniqsa samarali kechyapti – mavsum tugashiga hali ancha o‘yinlar bo‘lsa-da, u 8 gol urdi, 13 bor sheriklariga golli uzatma amalga oshirib, bu borada shaxsiy rekordini qayd etishiga yana 5 assist qoldi, xolos. Biz uchun futbolchi haqida yetarli ma'lumotdek tuyuladigan bu raqamlar ortida aslida nimalar turganini Anxel Di Mariyaning The Players Tribune loyihasiga bergan intervyusidan bilib olishimiz mumkin.

Men «Real»dan xat olganimni va o‘qib ham o‘tirmasdan, yirtib yuborganimni eslayman.

Bu 2014 yilgi jahon chempionati finalidan bir kun oldin, ertalab ro‘y bergandi. Chorak finalda sondagi mushaklarimdan jarohat olgandim, lekin og‘riq qoldiruvchi ukollar bilan o‘ynashim mumkin edi. «Nima bo‘lsa bo‘ldi, menga endi farqi yo‘q, o‘ynashni xohlayman» dedim murabbiylarga.

Terma jamoa shifokori Daniel Martines xonaga kirganida, men oyog‘imga muz qo‘yib o‘tirgandim. Uning qo‘lida konvert bor edi.

«Anxel, menga qara, senga Madriddan, «Real»dan qanaqadir hujjat kelibdi»

«Nima ekan?», – so‘radim men.

«Aytishlaricha, sen o‘ynay oladigan darajada emassan. Shuning uchun sen bugun maydonga tushishingni taqiqlashyapti».

Gap nimada ekanini tushundim. O‘shanda «Real» Xames Rodrigesni qo‘lga kiritmoqchi ekani haqida mish-mishlar ko‘paygandi. Unga joy bo‘shatish uchun esa, meni sotishmoqchi. Shuning uchun ham, ular yaxshi pulga sotish mumkin bo‘lgan «mahsulot» jarohatini kuchaytirib olishidan qo‘rqishardi. Shunaqa. Bu - futbolning boshqa, biznes deb nomlanadigan tarafi.

Men Danieldan xatni menga berishini so‘radim. Ochib ham o‘tirmay, yirtib yubordim va qutiga tashladim. Bu masalada kim qaror qabul qilishi kerak bo‘lsa, o‘sha faqat menman.

O‘sha kuni deyarli uyqu kelmadi. Braziliyalik fanatlar mehmonxona atrofida yig‘ilib olib, xalaqit berganliklari ham ta'sir qildi. Ammo nazarimda, agar ular bo‘lmaganda ham, uxlay olmagan bo‘lardim. Jahon chempionati finali oldidan, butun umr orzu qilgan hamma narsa qarshingda, ko‘z o‘ngingda turganida, uxlashning iloji yo‘q.