Ilm – shubhasiz mashaqqatli yo‘l. Bu yo‘ldan borish, ilm-fanda yutuqlarga erishish ayol kishi uchun va ayniqsa o‘zbek jamiyatida oson vazifa emas. Shunday bo‘lsa-da, qat'iy istak, sabr va yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi bilan ilmda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan o‘zbek ayollari ham oz emas.

Ana shunday tadqiqotchilardan biri – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining 2-bosqich doktoranti Nigora Hakimova ayni kunlarda Oksford universitetining Islomshunoslik markazida ilmiy izlanish bilan band.

  Kun.uz'ning Angliyaga safari davomida Oksford shahrida ham bo‘lib, atoqli universitetning Islomshunoslik markazida tadqiqot o‘tayotgan ilk o‘zbek ayoli bilan suhbatlashdik.

Nigora Hakimova universitet shaharchasida olib borayotgan ilmiy tadqiqoti, to‘ylar va ajralishlar, islom ilmini ayollarga o‘qitish masalalari, farzandlari o‘qiyotgan Oksforddagi maktablar, g‘arb madaniyati ichida farzand tarbiyalash va kelgusi rejalari haqida gapirib berdi.

«Bu – Oksfordga ikkinchi marta kelishim. Birinchi marta 2016 yilda kelgandim. Undan oldin 2 yil davomida AQShning Global Engagement instituti tadqiqotchisi bo‘lib, tadqiqotimning natijalari haqida Oksford universitetining dinshunoslik simpoziumida ma'ruza qilgan edim.

Hozirda Buyuk Britaniyaning Chevening dasturi doirasida shu yerda tadqiqot olib boryapman. Tadqiqotim mavzusi – Qaffol Shoshiyning «Mahasinu shariat» asaridagi islom huquqi asoslari.

Qaffol Shoshiyni xalqimiz, xususan Toshkent aholisi Hastimom (Hazrati imom) nomi bilan yaxshi tanishadi. Olimning ilmiy faoliyati ko‘p tomondan o‘rganilgan. Oxirgi paytlarda uning diplomatik qarashlari haqida ham ilmiy ishlar qilindi. Mening tadqiqotim esa Qaffol Shoshiyning islom huquqi asoslari, islom huquqi metodologiyasi, ya'ni usul ul-fiqh rivojiga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida.

Men o‘rganayotgan asar – «Mahasinu shariat» aynan fiqhiy kitob bo‘lib, boshqa fiqhiy asarlardan farqi – unda islom huquqi ko‘rsatmalarining mazmun-mohiyatiga e'tibor qaratiladi. Masalan, namozda nima uchun tahorat farz qilindi, deya savol qo‘ygan Qaffol Shoshiy buning mohiyatiga kirishga harakat qiladi.

Shuningdek, muallif asarda islom huquqi ko‘rsatmalari – inson aqliga muvofiq keladigan, aql qabul qiladigan ko‘rsatmalar ekanini isbotlashga harakat qilgan.