14:15 / 22.02.2020
4
15160

Piyodalar aybi bilan YTHlar ko‘payib bormoqda. Barham berish uchun nima qilish kerak? 

Statistika ma'lumotlariga ko‘ra, 2-3 yil avval har uchinchi YTHda piyoda aybdor yoki jabrlangan bo‘lsa, bugungi kunda har ikkita YTHdan bittasida piyoda yo ishtirok etyapti, yo aybdor bo‘lmoqda.

Respublika Ichki ishlar vazirligi, YHXBB taqdim etgan ma'lumotlarga binoan, 2020 yilning o‘tgan davri mobaynida piyodalarning aybi bilan sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari soni ortgan. Piyodalar ishtirokidagi YTHlar sonini kamaytirish uchun nimalar qilinishi darkor? IIV YHXBB Axborot xizmati katta inspektori Zoir Saydaliyev Kun.uz muxbiriga bergan qisqa intervyusida shu haqda so‘z yuritdi. 

-  Ma'muriy huquqbuzarliklarga doir kodeksda piyodalar yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tganligi uchun jarima belgilangan. Biroq, statistikada ko‘rinyaptiki, 2020 yilning o‘tgan davri mobaynida sodir bo‘lgan YTHlarning aksari aynan piyodalar aybi bilan sodir bo‘lgan. Shu muammolarning oldini olish uchun yo‘l-harakati xizmati qanday choralar ko‘rmoqda? 

-  To‘g‘ri muammoni ko‘tardingiz. Har bir inson uyidan chiqadimi, ishxonadan yoki o‘quv muassasasidan chiqadimi, yo‘l harakati ishtirokchisiga aylanadi. «Yo‘l qoidasi – umr foydasi», deb ko‘p va xo‘p qaytaramiz, Buning negizida inson manfaati yotadi. YHXBB targ‘ibot qilishga ko‘proq e'tibor qaratmoqda. 

Zoir Saydaliyev

Inson oddiy bir hatti-harakat bilan yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari uchun xavfli bo‘lgan harakatga sabab bo‘lishi mumkin. Piyoda chorrahani yoki yo‘lning belgilangan qatnov qismini kesib o‘tayotganda quloqchindan, telefondan, kitob yoki gazeta o‘qishdan, ya'ni inson diqqatini o‘ziga jalb etuvchi ishlar bilan shug‘ullanmaslik talab qilingan. Taassufki, 2-3 yil avval har uchinchi YTHda piyoda aybdor bo‘lar yoki jabrlanar edi, bugungi kunda har ikkita YTHdan bittasida piyoda yo ishtirok etyapti, yo aybdor bo‘lmoqda. 

Musiqa eshitmaslik, telefondan foydalanmaslik kerak, deyildimi, rioya qilish kerak-da. Bunday qilgan odam atrofda bo‘layotgan jarayonlarni his qilmay qo‘yadi, ya'ni haydovchining tovushli ishorasini, transport vositasining yaqinlashib kelayotganini, uning tormoz ovozini eshitmay qo‘yadi. Oqibatda, o‘lim bilan bog‘liq yoxud og‘ir oqibatli YTHlar sodir bo‘ladi. Yo‘l hushyorlikni yoqtiradi. Faqat buni ongimizga singdirolsak. Uyda ota-oan takrorlasa, maktabda o‘qituvchi takrorlasa, yo‘llarda YPX xodimlari ham hushyor bo‘lishsa yaxshi bo‘ladi. 

-  Mana Oqtepada davlat qancha mablag‘ sarflab, piyodalar uchun osma ko‘prik qurdi. Ammo, piyodalar uni tagidan o‘tadi. Chilonzor metro chorrahasida yerosti o‘tish yo‘li bor, biro piyodalar yer ustidan o‘tayotganiga ko‘zimiz tushadi. Ongiga singdirish kerak, ammo piyodalarga jarima solish qanchalik foyda bermoqda?

-  Hozirda, ko‘pchilik fuqarolarimiz yonimda hujjatim yo‘q deb aytishadi. Biroq, hududiy profilaktika inspektorlari ishtirokida ularning shaxsi aniqlanib, jarima qo‘llaniladi. Boshqa kasb egalari ma'lum bir qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ysa, yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi, yo bo‘lmasa, ma'muriy bayonnoma tuziladi. Ammo, ko‘chada oddiy bitta qoidaga rioya qilmaslik uchun yo halok bo‘ladi, yoki umrbod nogiron bo‘lib qolishi ehtimol.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top