O‘zbekiston | 11:25 / 26.02.2020
5538
3 daqiqa o‘qiladi

Qurilishni davlat tomonidan tartibga solish funksiyalari belgilanmoqda

Qurilishda sug‘urtalash belgilanishi natijasida qurilish obektlarining tasodifan zararlanishining oldini olish kafolatlanadi

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Qonunchilik palatasining 2020 yil 25 fevralda o‘tkazilgan majlisida deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida»gi (yangi tahrir) qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. 

Qayd etilganidek, Shaharsozlik kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida Rossiya, Germaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Belarus, Qozog‘iston va Ozarboyjon tajribalari atroflicha o‘rganilgan.

Ta'kidlanganidek, amaldagi Kodeks ma'nan eskirgan bo‘lib, unda shaharsozlikni texnik tartibga solishning zamonaviy mexanizmlari va raqobat muhitini yaratish tizimlari ko‘zda tutilmagan. 

Kodeksning yangi tahririda esa, 26 ta yangi modda qo‘shilib, amaldagi 20 dan ortiq moddaning mazmuni-mohiyati kengaytirilgan. Jumladan, shaharsozlik faoliyati sohasiga oid qarorlarni muhokama va qabul qilish, loyiha hujjatlarining ekspertizasini amalga oshirish, sohada raqobatni qo‘llab-quvvatlash, litsenziyalash hamda akkreditatsiyalash, qurilishni nazorat qilish va amalga oshirish, faoliyatning moliyaviy ta'minoti, sug‘urtalash hamda shaffoflikni ta'minlashni nazarda tutuvchi yangi boblar bilan to‘ldirilgan. «Aholi punkti», «shahar», «shaharcha» va «qishloq (ovul)», obektlar turlari, «o‘zboshimchalik bilan qurilish qilish», «urbanizatsiya» kabi tushunchalar, shaharsozlik faoliyatida fuqarolar muhokamasi ishtiroki va boshqa iboralar bilan boyitilgan.

Deputatlarning qayd etishicha, Kodeksning yangi tahririni qabul qilish natijasida aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash, shahar chegaralarini aniqlashning yangi qonuniy asoslari yaratilib, bu borada byurokratik to‘siqlar bartaraf etilishi ta'minlanadi. Shaharsozlik normalari va qoidalarining ishlab chiqilishining tartibi hamda ularning yo‘nalishlari aniq belgilab beriladi. Sohada jamoatchilikning keng ishtiroki ta'minlanishi atrof-muhit muhofazasi va insonlarning sog‘ligini asrashga zamin yaratib, eng maqbul va adolatli qarorlar qabul qilinishiga turtki beradi.

Shu bilan birga, qurilishni davlat tomonidan tartibga solish funksiyalari belgilanib, qurilish sifatini yaxshilash, mablag‘larning oqilona sarflanishini ta'minlashga xizmat qiladi. Qurilishda sug‘urtalash belgilanishi natijasida qurilish obektlarining tasodifan zararlanishining oldini olish kafolatlanadi. Loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini sifatli olib borish, aholi punktlarining arxitektura qiyofasini yaxshilash, aholining turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Mavzuga oid