Ehtimol, bu mavsum Pep Gvardiola uchun ingliz klubi bilan Chempionlar ligasida g‘olib chiqish uchun so‘nggi imkon bo‘lishi mumkin.
Yagona turnir

«Real» — biz taqlid va havas qiladigan, nimadir o‘rganadigan klubdir», — deya kutilmagan fikr bildirdi Pep Gvardiola bir necha kun avval. Katalonlar klubi tarbiyalanuvchisi, «Barselona» tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiylardan biri bo‘lgan mutaxassisdan bunday so‘zlar chiqishi ajablanarli hol. Ammo ayni vaqtda u «Manchester Siti» nomidan so‘zlaydi, bu klubdagilar chindan ham «Qirollik klubi»ga pastdan turib qaraydi.
Madridliklar Chempionlar ligasida 13 bor g‘olib chiqqan, so‘nggi 6 mavsumda 4 sovrin yutilgan. «Siti» — esa so‘nggi o‘n yilda Angliyadagi turli darajadagi turnirlarda 13 marta g‘olib chiqqan, ammo bu klubda bitta ham yevrokubok yo‘q.
Ha, «shaharliklar» klubiga hech kim Yevropaning eng yaxshi klubi bo‘lish majburiyatini qo‘ymagan. Gvardiolaning «Siti» boshqaruviga kelgan vaqtdagi iqtiboslaridan biri: «Shayx Mansur menga Premer-ligani yoki Chempionlar ligasini yutishim lozimligini aytdi. U shunday dedi: «O‘z ishingni qil, imkoni boricha yaxshiroq, aqling yetganicha. Keyin ko‘ramiz».
Ammo hech kimga sir emaski, «PSJ» yoki «Manchester Siti» kabi loyihalar xalqaro triumflarsiz ma'noga ega emas. Gvardiolaning o‘zi ham bu klubga ilk xalqaro sovrinini olib berishni istaydi: muxoliflari Pepni ko‘p yillardan buyon har bir muvaffaqiyatsizlikdan keyin «sharlatan» deb atab, u Messisiz yevrokubok yuta olmasligini yuziga solib kelishadi.
Endilikda «Manchester Siti»ning ishtiyoqi yanada kuchli, UYeFA klub uchun ikki mavsumga kislorodni yopib qo‘ydi.
«Manchester Siti» yevrokuboklardan chetlatildi. Klub nega jazolandi?
Angliyaning amaldagi chempionlari uchun bu mavsumda faqat ikki turnirda intriga saqlanib qolgan — Angliya Kubogi va Chempionlar ligasi. Klub shu haftaning yakshanbasida «Aston Villa»ga qarshi Angliya ligasi Kubogi finalida maydonga tushadi.
«Siti» Angliya chempioni bo‘lolmasligi aniq, yevrokuboklar hududi uchun kurashishdan ma'no yo‘q. Albatta, premer-liga o‘rinlarga qarab taqsimlaydigan mukofot pullari ham bor, ammo bu badavlat klub uchun u qadar ahamiyatli jihat emas. Milliy turnirlardagi Kubok o‘yinlari «shaharliklar»ni ortiqcha hayajonga solmaydi — ular so‘nggi yillarda ichki turnirlarda yetarli darajada ko‘p g‘alaba qozonishdi.

















