O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 fevral kuni tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
«Ma'lumki, har qanday mamlakatda aholining kam ta'minlangan qatlami mavjud. O‘zbekistonda ham odamlarning muayyan qismi yetarli daromad manbaiga ega emas.
Xalqimiz farovonligini oshirish maqsadida «Har bir oila – tadbirkor», «Yoshlar – kelajagimiz», «Obod qishloq», «Obod mahalla», tomorqani rivojlantirish kabi dasturlar qabul qilindi. O‘tgan ikki yil davomida birgina oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida budjetdan qariyb 10 trillion so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Albatta, bu aholi bandligini ta'minlash, oilalar uchun daromad manbai yaratishga xizmat qildi.
Kambag‘allik yurtimizda ko‘p yillar «yopiq mavzu» bo‘lib keldi. Joriy yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomada davlatimiz rahbari bu haqda ochiq-oydin gapirdi va tariximizda birinchi marta kambag‘allikni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Bugungi videoselektor yig‘ilishida shu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
«Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 12-15 foiz yoki 4-5 million aholimiz kambag‘al. Bu ularning bir kunlik daromadi 10-13 ming so‘mdan oshmayapti, degani. Yoki bir oilada mashina ham, chorva ham bo‘lishi mumkin, lekin bir kishi og‘ir kasal bo‘lsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi. Xo‘sh bunday oilani o‘ziga to‘q deyish mumkinmi? Prezident sifatida meni odamlarimizning ovqatlanishi, davolanishi, bolalarini o‘qitishi, kiyintirishi kabi hayotiy ehtiyojlari nima bo‘layapti, degan savol har kuni qiynaydi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta'minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish borasidagi ishlarni samarali amalga oshirish maqsadida prezidentning 2020 yil 18 fevraldagi farmoni hamda qaroriga muvofiq, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika darajasida tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni kamaytirishga mas'ul lavozimlar joriy qilinib, vertikal tizim yaratildi.
Shuningdek, kuni kecha Bosh vazirning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi hamda hukumatda alohida kotibiyat tashkil etildi.















