«Real» va «Barselona» uchun bu hafta og‘ir bo‘ldi, ikki jamoa ham Chempionlar ligasining 1/8 finalida muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi: Madridliklar o‘z uyida «Manchester Siti»ga yutqazdi (1:2), ko‘k-anorranglilar safarda «Napoli» bilan durang o‘ynadi (1:1). Ikki jamoa ham raqibning taktikasi qurboni bo‘ldi: «Real» Xosep Gvardola Kevin De Bryuyne va Gabriel Jyezusning joylarini o‘zgartirishi va maydonga yangi kuchlar tashlashi oqibatida g‘alabani boy berdi, «Barselona» esa raqibning tig‘iz himoyasini yorib o‘tolmadi va Jyennaro Gattuzo tomonidan tuzilgan qarshi hujum mashinasiga dosh berolmadi. Ular endi klasikoda qanday harakatlanishadi — bu o‘yin Ispaniyada chempionlik masalasini hal etadimi?

Ispaniya La Ligasi. 26-tur.
2 mart (yakshanbadan dushanbaga o‘tar kechasi)
«ReAL» - «BARSeLONA»
O‘yin boshlanish vaqti: 01:00
TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV»

29 jarohat
Chempionlar ligasi doirasida «Napoli»ga qarshi safar o‘yinining eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Serxio Buskets Neapoldagi o‘yindan keyin «Barselona» tarkibidagi muammolar va o‘zi uchun yangi pozitsiyada harakatlanishga to‘g‘ri kelgani to‘g‘risida gapirdi. Ko‘pchilik uning so‘zlarida klub sport direktori Erik Abidalning ishidan norozilik belgilarini payqadi. Keyin Rakitich davom ettirdi, u futbolchilar tanlovi bo‘yicha savolga javob berarkan, shunday dedi: «Buni bu ishga javobgar bo‘lganlardan so‘rang».

Hozirda barcha muammolar uchun Abidalni balogardon qilish urfga aylandi, uni o‘z intervyusida Messi ham eslatib o‘tgandi. Ammo ko‘k-anorranglar jamoasidagi tibbiy muammolarga fransiyalik mutaxassisning daxli yo‘q, jamoaning hozirgi holatini falokat so‘zi bilan xarakterlash mumkin. Neapoldagi o‘yin vaqtida yakkakurashdan keyin maydonga noqulay yiqilgan Pike maydonni cho‘loqlanib, shifokorlarga suyangan holda tark etayotgan vaqtda Kike Seten nimalarni xayoldan o‘tkazganini tasavvur qilish ham qiyin.

«Barsa» muxlislari baxtiga, Jyerar jiddiy jarohat olmagani ma'lum bo‘ldi. Yakshanba oqshomida u safda bo‘ladi, kataloniyaliklar safidagi jarohatlanish holatlari soni 30taga yetmadi. Ammo 29 raqami ham — qo‘rqinchli ko‘rsatkich. Ayniqsa mavsum davomida jami 16 nafar futbolchi turli darajada jarohatlar olgani e'tiborga olinsa. Bu o‘rinda barcha jarohatlanish holatlarini keltirib o‘tishdan ma'ni yo‘q, faqat uch baxtiyor futbolchi shifokorlar qo‘liga tushmagan: Buskets, de Yong va Grizmann.