2 mart kuni O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha harakatlar va majburiyatlarni amalga oshirishga kirishilgani rasman e’lon qilindi. BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashkil etgan tadbirda bu mavzu Oliy Majlis Senati va “Yuksalish” umummilliy harakati vakillari bilan birgalikda muhokama qilindi. Harakatlar o‘n yilligiga shu sanada rasman start berilishi bejiz emas, ya’ni 1992 yilning 2 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining to‘laqonli a’zosiga aylangan. Asosiy maqsad  2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha ulkan harakatlarni boshlash hisoblanadi. 

Dasturni amalga oshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbirda BMT missiyalarining rahbarlari, shu qatorda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori, Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy Majlis Senati raisi va uning a’zolari, “Yuksalish” umummilliy harakati rahbari hamda jamoatchilik, yoshlar, fuqarolik jamiyati ishtirok etdi.

Yoshlar vakillari ma’ruzalarida ochlikka barham berish, gender tengligi, sog‘lom turmush tarzi va yana boshqa qator maqsadlarga erishish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdilar. Bundan tashqari, ma’ruzachilar mehmonlarni 2030 yil so‘nggiga qadar barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda faol harakatlarni amalga oshirishga chorladilar.

Barqaror rivojlanish maqsadlari — kambag‘al, boy va rivojlanayotgan davlatlarning amaliy harakatlarni bajarishga bo‘lgan chorlovidir. Ular sayyoramizning farovonligi va himoyasini yanada yaxshilashga qaratilgan. Dunyo mamlakatlari qashshoqlikni tugatish choralari iqtisodiy o‘sishni kuchaytirish va ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va bandlik, shuningdek, iqlim o‘zgarishi atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi bir qator muammolarni hal etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birgalikda qabul qilinishi zarurligini tan olmoqdalar.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun o‘n yil qoldi. Harakatlar o‘n yilligi dunyodagi barcha jiddiy muammolar, jumladan qashshoqlik va gender muammolaridan tortib to iqlim o‘zgarishi, tengsizlik va moliyalashtirishdagi defitsitni kamaytirishga qaratilgan barqaror yechimlarni amalga oshirishni faollashtirishga da’vat etadi.