Rossiyalik taniqli sharhlovchi Vasiliy Utkin uning Dortmunddagi natijalari haqida o‘ziga xos fikrlarni aytgandi: «Holandning «Borussiya»dagi o‘yinlari kurort sevgisiga o‘xshaydi. Har ikki taraf ham ma'lum vaqtdan keyin ayrilishlarini bilishadi, baribir Holand erta-indin yanada kuchliroq klubga o‘tadi, baribir Dortmund bunga xalaqit qila olmaydi. Va shu vaqtinchalik munosabatlarda ikki taraf ham hech qanday bosimsiz, qachondir ro‘y berishi mumkin bo‘lgan ayriliq qo‘rquvisiz zavq olishmoqda. Holand gollar uryapti, «Borussiya» esa, uning yordamida g‘alabalar qozonyapti».
Erling Holandning «Borussiya»dagi davri kutilganidan ham ancha tez tugaydiganga o‘xshaydi. U hech qanday moslashuv jarayonisiz nemislar klubi raqiblari darvozalariga gollarni qalashtirmoqda. 7 o‘yinda 11 gol urishga ulgurgan hujumchi har qanday ma'noda top futbol namoyish etmoqda. Benzemaning o‘rniga futbolchi qidirayotgan va Yovichdan hafsalasi pir bo‘lgan «Real» esa uni iloji boricha tezroq o‘z safiga qo‘shib olish payiga tushdi. Katta ehtimol bilan, kelayotgan yozdayoq «Qirollik klubi» ushbu futbolchi transferini amalga oshirishga urinib ko‘radi.
OAVda 19 yoshiga kelib professional futbolda urgan gollari sonini 60dan oshirgan, Chempionlar ligasidagi ilk mavsumidayoq 10ta gol bilan to‘purarlik uchun kurashayotgan ushbu futbolchi nomi «Real» bilan bog‘lanmoqda. Madridliklar endi yozda Kilian Mbappeni emas, aynan Holandni sotib olishga qaror qilgani haqida aytilmoqda.
Qizig‘i, «Real» ixtiyorida yana bir norvegiyalik futbolchi bor va siz uni ham yaxshi bilasiz. Bir necha yillar oldin katta shov-shuv bilan olib kelingan Martin Edegorga 16 yoshligida grand klubning asosiy tarkibiga kirishga hali erta edi va u so‘nggi yillarda ijarada chiniqdi. U shu mavsumda Ispaniyaga qaytib, «Sosedad» klubi safida to‘p surayotgan Edegor, ayni paytda, La Liganing eng yaxshi yarimhimoyachisi bo‘lib turibdi. Yaqin kelajakda «Real»ning asosiy kuchi Norvegiyadan kelgan tandemdan iborat bo‘ladi, deb bemalol taxmin bildirish mumkin.
Quyida e'tiboringizga Erling Holand haqidagi o‘nta faktni havola qilinadi.

1. Holand irsiy tomondan ham havas qilsa arzigulik. Uning otasi – «Nottingem Forest», «Lids» va «Manchester Siti» kabi jamoalarda to‘p surgan sobiq futbolchi. Onasi – yengil atletikachi, Norvegiya chempioni.
2. Holand besh yoshidan futbol o‘ynashni boshlagan. O‘shandayoq u uzoqqa sakrash bo‘yicha o‘z yoshidagilar ichida jahon rekordini o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan. 1,63 santimetrlik masofa hamon yangilanmay kelmoqda.
















