O‘zbekiston | 09:25 / 05.03.2020
19071
2 daqiqa o‘qiladi

Imom Buxoriyning Samarqanddagi yodgorlik majmuasi yangi loyiha asosida qayta barpo etiladi

Imom Buxoriyning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini yangi loyiha asosida qayta barpo etish mo‘ljallanmoqda

Foto: KUN.UZ

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi.

Qayd etilishicha, 2020 yil 1 aprelga qadar Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasi ishlab chiqiladi.

Loyihada Imom Buxoriyning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini musulmon dunyosidagi ulug‘ maqomiga mos ravishda mutlaqo yangi loyiha asosida qayta barpo etish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutiladi.

Ijro uchun mas'ullar - Samarqand viloyati hokimligi, Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, vazirlik va idoralar.

Shuningdek, yurtimiz allomalari hayoti, ilmiy merosiga bag‘ishlangan va diniy bag‘rikenglik mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar hamda boshqa tadbirlar tashkil etiladi. Bunda:

Misrning Al-Azhar majmuasi bilan hamkorlikda Samarqandda “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish;

AYSeSKO xalqaro tashkiloti tomonidan Buxoro shahrining 2020 yilda “Islom olami madaniyati poytaxti” deb e'lon qilinishi munosabati bilan “O‘zbekiston – Islom sivilizatsiyasi markazi” xalqaro ilmiy-amaliy anjumanini o‘tkazish;

“Diniy bag‘rikenglik – davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim omili” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazish;

Buxoro shahrida Abduxoliq G‘ijduvoniyning 915 yilligi va Bahouddin Naqshbandning 700 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya hamda uning tavallud ayyomini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutiladi.

Mavzuga oid