O‘zbekiston | 10:52 / 05.03.2020
27420
2 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airways Seuldan charter reys amalga oshiradi, keladiganlarni kutib olmaslik so‘ralmoqda

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi Janubiy Koreyadagi O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish bo‘yicha yangi ma'lumot bilan bo‘lishdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti topshirig‘iga ko‘ra tuzilgan hukumat qaroriga asosan 2020 yilning 8 mart kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi HY3553/3554 raqami bilan Seulga charter reys uyushtiradi.

Chiptalar olish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Seuldagi elchixonasi va Uzbekistan Airways aviakompaniyasi vakolatxonalariga murojaat qilish mumkin.

“Mazkur reys Janubiy Koreya hududida koronavirus tarqalish holati murakkablashishi bilan bog‘liq. Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda barcha reyslarda kuchaytirilgan xavfsizlik choralari qo‘llanadi. Barcha bortlarda virusologiyaga ixtisoslashgan, zamonaviy tashxis qo‘yish uskunalari bilan qurollangan tibbiy xodimlar individual himoyalanish vositlari hamda dori vositalari bilan hozir-nozir bo‘ladilar.

Bu reysning barcha yo‘lovchilari yetib kelganlaridan so‘ng vaqtincha joylashuv punktlariga jo‘natiladilar. Shu bois ularni Toshkent xalqaro aeroportida kutib olishga chiqmaslik so‘raladi. Samolyotning yetib kelish vaqti haqida qo‘shimcha ma'lumot beriladi.

Yo‘lovchilarning vaqtincha joylashuvlari haqida ma'lumot olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi shtabiga +998 (71) 276-49-66 raqami orqali bog‘lanish mumkin” – deyiladi e'londa.

Avvalroq, Seuldan Toshkentga uchadigan aviareyslar jadvali e'lon qilingandi.

Mavzuga oid