O‘zbekiston | 11:57 / 05.03.2020
28384
3 daqiqa o‘qiladi

«Xotirjamlikni saqlashga chaqiraman». O‘zbekiston elchisi Koreyada bo‘lib turgan fuqarolarga murojaat qildi

O‘zbekiston elchisi Koreya Respublikasi hududida bo‘lib turgan fuqarolarga murojaat bilan chiqdi

Foto: REUTERS

2020 yil 5 mart kuni O‘zbekiston Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fen Koreya Respublikasida vaqtincha yoki doimiy ravishda istiqomat qilib kelayotgan barcha o‘zbekistonliklarga murojaat qildi. Bu haqda TIV xabar bermoqda.

“Hozirgi kunda Janubiy Koreyada muammo tug‘dirayotgan koronavirus tufayli fuqarolarimiz xavotirga tushganidan xabarim bor. Koreya Respublikasi Hukumati koronavirus bilan kurashish uchun zamonaviy tibbiyot texnologiyalari va ilg‘or tajribani qo‘llagan holda virus bilan kasallangan bemorlarni qisqa muddat ichida aniqlash va ularni davolash bo‘yicha barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirmoqda”, - deyiladi elchixonaning barcha internet-resurslarida joylashtirilgan murojaatda.

Qayd etilishicha, hozirda bemorlar soni ko‘payib borayotgan bo‘lsa ham, ammo yaqin kelajakda Koreya Respublikasi Hukumati va tibbiyot sohasi mutaxassislari virus tarqalishining kamayishiga va uning xavfini keskin susayishga ishonch bildirmoqdalar.

“Bunday vaziyatda O‘zbekiston fuqarolarini tashvishga tushmasdan xotirjamlikni saqlashga chaqiraman. Shu bilan birga, odamlar gavjum yig‘iladigan tadbir yoki joylarga bormaslikni, ushbu virusga qarshi kurashish uchun tavsiya etilgan ehtiyot choralarini qat'iyan bajarishingizni so‘rayman.

Ta'kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy va do‘stona hamkorlik har qachongidan ham jadal rivojlanmoqda. Yaqin hamkorligimiz natijasida fuqarolarimizning Janubiy Koreyada qulay shart-sharoitlarda ta'lim olishlari va ishlashlari ta'minlanmoqda.

Koreya Respublikasida inson hayotiga tahdid solayotgan koronavirusning xavfi saqlanib qolayotgan bir paytda, men, siz fuqarolarimizdan, sarosimaga tushmaslikka hamda yuqorida qayd etilgan barcha tavsiyalarga qat'iyan amal qilishlaringizni yana bir bor so‘rab qolaman.

O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Elchixonasi koronavirus sababli paydo bo‘layotgan muammolarni tezkorlikda bartaraf etish uchun 24 soatlik ish tartibiga o‘tkazilgan. Shu bois, istalgan vaqtda biz bilan aloqaga chiqishingiz mumkinligini bildiraman”, - deyiladi elchining murojaatida.

Avvalroq, Uzbekistan Airways Seuldan charter reys amalga oshirishi, keladiganlarni kutib olmaslik so‘ralgani xabar berilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid