Jahon | 03:38 / 07.03.2020
10225
3 daqiqa o‘qiladi

Time nashri 100 yillikning 100 ayolini tanladi

Foto: Reuters

AQShning Time jurnali 1920 yildan boshlab tarix rivojiga ahamiyatli hissa qo‘shgan 100 ayolni o‘z muqovasiga joylashtirdi.

Ta'kidlanishicha, nashr 72 yil davomida faqat yil erkagini e'lon qilib kelgan. Ba'zi istisnolardan tashqari bu nom egalari hamisha erkaklar bo‘lgan.

1999 yilda “Yil erkagi” nominatsiyasi “Yil odami”ga o‘zgartirilgan, biroq shundan keyin ham nashr ushbu yo‘nalishda ko‘proq erkaklarni tanlab kelgan.

“Yilning 100 ayoli” loyihasi bilan ko‘pincha soyada qolgan nufuzli ayollarga e'tibor qaratmoqchimiz”, deyilgan xabarda.

Dastlab mutaxassislar 600 nomzodni taklif qilishgan, ulardan har bir yil uchun bir nafardan, jami 100 nafar ayol tanlab olingan.

So‘ngra rassomlar 1920 yildan boshlab jurnal sonlari muqovasini yaratishgan. Jurnal shu tariqa 89 ta yangi muqova hamda nashr talqiniga ko‘ra yil odami bo‘lgan yana 11 ayol tasvirlangan muqovalarni yaratgan.   

“Ameliya Erxartdan [Atlantika okeanini uchib o‘tgan ilk ayol uchuvchi] Beyonsegacha [amerikalik qo‘shiqchi], Eva Perondan [Argentinaning sobiq birinchi xonimi] tortib Malala Yusufzoygacha [tinchlik uchun Nobel sovrindori] – yuz yillikning qiyofasini shakllantirgan 100 ayolni qarshilang”, deb aytilgan jurnalda. 

Shuningdek, nufuzli ayollar yuztaligiga turli yillar uchun fransiyalik modeler Koko Shanel, aktrisa Merilin Monro, meksikalik rassom Frida Kalo, AQShning sobiq birinchi xonimlari Eleonora Ruzvelt va Jaklin Kennedi, amerikalik huquq himoyachisi Anjyela Devis, Hindistonning yagona ayol bosh vaziri Indira Gandi, OIVning ochilishida ishtirok etgan fransiyalik virusolog Fransuaza Barre-Sinussi, malika Diana, qo‘shiqchi Madonna, Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, Germaniya kansleri Angela Merkel, eko-faol Greta Tunberg kiritilgan. 

Mavzuga oid