YeChLda yana ikki chorak finalchi aniqlandi. «Atletiko» mehmonda «Liverpul»ni mag‘lub etib keyingi bosqichga chiqqan bo‘lsa, «PSJ» o‘z maydonida «Borussiya»ga imkoniyat qoldirmadi.
Hissiyotsiz qolgan «arilar» chaqa olmadi
Tunda o‘tkazilgan ikki o‘yindan biri oldinroq tugadi, desayam bo‘ladi. «PSJ» asosiy vaqtning o‘zida «Borussiya»ni «tinchitib» qo‘ya qoldi. Neymar va Bernardning gollari parijliklarga g‘alaba keltirib, Germaniyadagi 2:1 hisobining ahamiyatini yo‘qqa chiqardi. Bu o‘yin koronavirus tarqalishi oldini olish maqsadida muxlislarsiz o‘tkazildi. Bu omil mezbonlarga qiyinchilik tug‘dirishi kutilgandi, axir o‘z maydonida muxlislari daldasisiz o‘ynash qiyin-da!
Ammo stadionda muxlislar yo‘qligi aksincha nemislarga qiyinchilik tug‘dirgandek bo‘ldi go‘yo. «Signal iduna park»dagi dahshatli atmosferada har qanday raqibni tor-mor qiladigan «Borussiya» Parijdagi bo‘sh stadionda hech narsa qila olmay qoldi. Albatta, bunga asosiy sabab raqib o‘yini o‘xshab qolganidir, lekin bo‘sh stadion ham «arilar»ga ta'sir qilib ular «chaqolmay qoldi». Holand va Sancho ham hech narsa qila olishmadi. Bir so‘z bilan aytganda, hech qanday hissiyotsiz, faqat futbolgina maydonda qolganida «PSJ» kuchliroq ekani ko‘rindi.
Neymar – bo‘sh stadion qahramoni
Bu mavsumda ham jarohatlar girdobida qolayotgan Neymar nihoyat o‘z darajasiga yaqin o‘yin ko‘rsatdi. To‘g‘ri, uning goli oddiygina tarzda bosh bilan urildi, lekin jamoaning unga o‘ynashi, o‘yinni o‘z qo‘liga olishi Neymarning hamon katta futbolchi ekanini ko‘rsatdi. Zamonaviy futbolning eng iste'dodli namoyondalaridan biri hisoblangan Neymar bu vaqtgacha allaqachon «Oltin to‘p»ni olgan bo‘lishi kerak edi, lekin doim bir xil o‘yin ko‘rsata olmasligi braziliyalik superyulduzning maksimal darajada porlashiga xalaqit berardi.
«Borussiya»ga qarshi o‘yinda Neymar fenomenal o‘yin ko‘rsatgani yo‘q, shunchaki u kichik qaytishni amalga oshirdi. «Barselona»da bo‘lgan vaqti Neymarga dunyo futbolining bo‘lajak qiroli deb qarashardi, ammo Parijda Neymar har tug‘ilgan kunida jarohat oladigan, mashg‘ulotga kelmay qoladigan va juda ko‘p vaqtini davolanish bilan o‘tkazadigan shou-biznes yulduziga aylanib qolgandi.
Neymar so‘nggi vaqtlarda vazn orttirgani ham sezilmoqda. Mana shunday superfutbolchi ko‘z oldimizda katta maoshnigina o‘ylaydigan yulduzga aylanib borayotgandek edi. Uning nomi kamdan-kam hollarda futbol bilan bog‘lanar, u moda jurnallarida futbol nashrlaridan ko‘proq ko‘rinish berardi. Lekin aslida Neymar uchun futbol hamon eng muhim narsa ekani aynan «Borussiya»ga qarshi o‘yinda ko‘rindi. U g‘alabadan so‘ng yig‘ladi... Nihoyat «PSJ» uchun nimadir qila olgani, futbol olamida o‘z o‘rnini yo‘qotmaganini isbotlay olgani uchun yig‘ladi.















