Kun.uz UzAuto Motorsʼning avtomobillar narxini oshirishi bo‘yicha jamiyatdagi turli soha vakillari fikrini o‘rganishda davom etadi.

Bu gal deputat Rasul Kusherbayev, huquqshunos Nuriddin Murodov va yozuvchi Murod Muhammad Do‘st mavzu yuzasidan o‘z pozitsiyalarini ma'lum qilishdi.

Rasul Kusherbayev: «18 mingta ish o‘rni va soliqni deb, 34 million kishini qiynashyaptimi?»

Rasul Kusherbayev 11 mart kuni «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tomonidan tashkil qilingan deputatlar, «O‘zavtosanoat» va UzAuto Motors vakillari o‘rtasidagi muloqotda ishtirok etgan edi.

«Ayni paytda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchi zavod ishlamasa, 34 millionlik O‘zbekiston aholisi nimani yo‘qotadi, deya ulardan so‘radim. Mutasaddilarning argumentiga ko‘ra, 18 mingta ish o‘rni va soliq tushumlari yo‘qotilarkan.

Ochig‘i, men hayron qoldim. Bor yo‘g‘i shumi? 18 mingta ish o‘rni va soliq hisobiga 34 million kishini qiynashyaptimi?

Ya'ni, qiynash deganda, chet eldan ikki barobar arzonga avtomashina olib kirishning iloji bo‘lsa-yu, bunga ruxsat berilmasa. Ichkarida esa odamlarning atayin oshirilgan narx bilan avtomashina olishga majburlanishi qanchalik to‘g‘ri?» – dedi Kusherbayev.

Deputatning ta'kidlashicha, O‘zbekistonning 34 million aholisi qiynalishi 18 ming ish o‘rni va davlatga tushayotgan 4 trillion so‘m budjet tushumlari hisobiga bo‘lishi – adolatsizlik.

«Agar zavod shu sabab bilangina ushlab turilgan bo‘lsa, bu judayam noto‘g‘ri ish. Unda bu zavodni yo yopish kerak, yoki xususiy sektorga sotib yuborish kerak.

O‘sha muloqotda biz boshqa yechimlarni ham taklif qildik. Masalan, chetdan import qilish mumkin bo‘lgan avtomobillardan olinadigan davlat bojini 20 foizgacha tushirishning o‘zi davlatga zavod keltiradigan foydani beradi. Balki shu yo‘lni sinab ko‘rish kerakdir.

Mutasaddilar keltirayotgan sabablar ortidan ayonlashib boryaptiki, bu zavodda «milliy mahsulot», «milliy g‘urur» degan gaplar bor, lekin aynan mana shu gaplardan bir guruh shaxslar niqob sifatida foydalanayotganga o‘xshayapti.

Ya'ni, butun bir xalq, jamiyat manfaat topishidan ko‘ra, bir guruh noma'lum shaxslar mana shu ishlar ortidan foyda ko‘rayotgani sezilyapti.