O‘zbekiston | 08:47 / 14.03.2020
2548
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiy IESda 650 MVt quvvatli uchinchi bug‘-gaz qurilmasi quriladi

“Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 650 MVt quvvatli uchinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari qabul qilinadi

Foto: nav.uz

Vazirlar Mahkamasining “Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 650 MVt quvvatli uchinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha, quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17-20 dekabr kunlari Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida “Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 650 MVt quvvatli uchinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) o‘rtasida 10 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan, 30 yil muddatda qaytarish sharti bilan, 128 246,0 mln. yapon iyenasi miqdorida qarz bitimi imzolangan;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 16 iyundagi PQ–3857-son qaroriga muvofiq xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish doirasida soliq va bojxona imtiyozlari taqdim qilinadi;

loyihaning amalga oshirish muddati 5 yil (2020-2024 yillar) etib belgilangan.

Belgilab qo‘yilishicha:

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ loyihaning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish yuzasidan mas'ul ijro etuvchi hisoblanadi;

“Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati JICA tomonidan ajratilgan qarz mablag‘laridan maqsadli hamda samarali foydalanilishi yuzasidan mas'ul ijro etuvchi organ hisoblanadi;

JICAning qarzini qaytarish, shu jumladan, foizlarni to‘lash, komissiya to‘lovlari va boshqa xarajatlar bilan bog‘liq to‘lovlar “Navoiy IES” AJ mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati JICA tomonidan ajratilgan qarzdan foydalanish uchun “MUFG Bank, Ltd” (Yaponiya) banki bilan banklararo bitimni tuzadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan JICAdan olingan qarzdan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi agentlik bitimini “Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati va “Navoiy IES” AJ bilan tuzadi.

“Navoiy IES” AJ loyihani amalga oshirish doirasida, istisno tariqasida, tender o‘tkazmasdan bosh pudratchini tanlab olish uchun tender hujjatlarini ishlab chiqish, tender o‘tkazish va tender qatnashchilarining tender takliflarini baholash bo‘yicha konsultant xizmatlariga “Tokyo Electric Power Services Co., Ltd” (Yaponiya) kompaniyasi bilan 589,0 mln. yapon iyenasi miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilishiga rozilik beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid