Jyenevada o‘tkazilgan matbuot anjumanida u bundan buyon Yevropa davlatlarida boshqa davlatlardagiga qaraganda (Xitoy istisno) ko‘proq zararlanish holatlari va o‘lim holatlari kuzatilishi kutilayotganini qayd etgan.

Gebreysus ayni vaqtda JSST hisob-kitoblariga butun dunyo bo‘ylab virusdan zararlanganlar soni 130 mingdan oshib ketganini qayd etgan.

Boshqa ma'lumotlarga ko‘ra esa butun dunyo bo‘ylab koronavirus bilan kasallanganlar soni 140 ming kishidan oshib ketdi. Ulardan 70 mingdan ortig‘i davolanishga muvaffaq bo‘ldi, 5123 nafari vafot etgan. 

Virusning eng yirik o‘choqlari Xitoy (81 ming holat, 2177 o‘lim), Italiya (15,1 ming holat, 1016 o‘lim), Eron (11,3 ming holat, 514 o‘lim), Janubiy Koreya (7,9 ming holat, 71 o‘lim) bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, Ispaniya (4334 holat, 122 o‘lim), Germaniya (3481 holat, 8 o‘lim), Fransiya (2876 holat, 51 o‘lim), AQSh (1840 holat, 41 o‘lim) va Shveytsariya (1137 holat va 9 o‘lim) davlatlarida ham virus tarqalishi tezlashmoqda.

Ukraina tashqi dunyodan yopilmoqda

 

GETTY IMAGES

48 soatdan keyin Ukraina barcha xorijliklar uchun mamlakat hududiga kirishni taqiqlaydi.

Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksey Danilovning ma'lum qilishicha, bunday taqiq ikki haftaga joriy etilgan. Ikki haftadan keyin muddat uzaytirilishi ham mumkin.

«Mamlakatimizda koronavirus bo‘yicha hech qanday yomon holat ro‘y bergani yo‘q», - degan u va ukrainlarni vahimaga tushmaslikka chaqirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xorij davlatlarida bo‘lgan Ukraina fuqarolari vatanga qaytishlari mumkin, ammo «koronavirus avj olgan» mamlakatlardan keluvchilar jiddiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. U ukrainlarni xorijga safar qilishdan tiyilib turishga, shuningdek, mamlakat bo‘ylab harakatlanishni ham kamaytirishga chaqirgan.

Aleksey Danilov o‘tkazayotgan brifing vaqtida mamlakatda koronavirusning ilk qurboni qayd etildi. Jitomir oblastida 71 yoshli ayol vafot etdi, u yaqinda Polshadan qaytgandi. U Ukrainada juma kuni holatiga ko‘ra, koronavirus tashxisi qo‘yilgan uch kishidan biri edi.

Chorshanba kuni Ukrainaning butun hududida 3 haftalik karantin joriy etilgandi - bu 3 aprelga qadar davom etadi.