«Bugungi kunga kelib ushbu xavfli infeksiya 160dan ortiq mamlakatda tarqaldi. Dunyo miqyosida kasallanganlar soni 190 ming nafarga yetdi, 7,5 ming o‘lim holati qayd etildi, 81 mingdan ziyod bemor tuzaldi. Epidemiya keng yoyilib ketgani sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti uni pandemiya deb e'lon qildi.

Ming afsuski, bu yuqumli xastalik mamlakatimizni ham chetlab o‘tmadi. Bugungi kunda yurtimizda unga chalingan bemorlar soni 15 nafarga yetdi.

Bu vaziyat oldindan to‘g‘ri baholanib, prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq Respublika maxsus komissiyasi tuzilgan edi. Shu bois O‘zbekistonga kasallikning ommaviy kirib kelishi va keng tarqalishining oldi olindi.

Hozirda 6 mingga yaqin kishi karantinga olingan. Odamlar gavjum joylarda ommaviy tadbirlar cheklangan. 16 martdan boshlab barcha ta'lim dargohlarida ta'til e'lon qilindi. 80 ming talaba markazlashgan holda uylariga jo‘natildi.

Har bir hududda hokimlar rahbarligida maxsus shtablar tashkil etilgan. Epidemiologik vaziyat bo‘yicha har soatlik va kunlik ma'lumot tahlil qilinib, tezkor choralar ko‘rilmoqda.

Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada ta'minlandi. Buning uchun budjetdan zarur mablag‘lar ajratildi.

Xorijdagi yurtdoshlarimiz charter aviareyslari orqali Vatanimizga qaytarilmoqda. Chegaralarda harakat cheklandi, ammo transportda yuk tashish to‘xtatilgani yo‘q. Mamlakatimizga ko‘plab xorijiy va mahalliy yuk tashuvchilar kirmoqda hamda chiqib ketmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev vaziyat to‘liq nazorat ostida ekanini alohida ta'kidlab, xalqqa murojaat qildi. 

– Bu hayotning ko‘p og‘ir sinovlarini va yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hammasini to‘g‘ri tushunib, masalaga ongli yondashmoqda. Muftiyat rahbarligida diniy ulamolar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, bemorlarga shifo tilab, duoi fotihalar qilishmoqda. Millati, tili va dinidan qat'i nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, o‘tib ketadi.