O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘i koronavirus infeksiyasi davriga qanchalik tayyor, taqchillik va narxlar oshishining oldini olish bo‘yicha qanday ishlar qilinyapti?

Kun.uz shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev bilan suhbatlashdi.

– Bugungi kunda agentlik tomonidan virusga qarshi dori-darmonlar taqchilligini bartaraf qilish uchun qanday chora-tadbirlar olib borilmoqda?

– Dori-darmonlarni yetkazib berish bo‘yicha muammo yo‘q. Sababi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan virusga qarshi kurashish bo‘yicha dorilar ro‘yxati ishlab chiqilgan. Dorixonalarda barcha dorilar yetarli. Bundan tashqari, mazkur ro‘yxatdagi dorilar nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilmoqda, balki xorijdan ham keltirish choralari ko‘rilmoqda.

Tibbiy niqoblar va antiseptik vositalar hozircha taqchil. Bunga esa fuqarolarimiz tomonidan ehtiyojidan ortiqcha xarid qilishi sabab bo‘lmoqda. Niqoblarni 2ta olish kerak bo‘lgan vaqtda 20ta, 20ta olish kerak bo‘lganda 40ta olishi natijasida, yetkazib berishda uzilishlar kuzatilishi mumkin.

Tibbiy niqob ishlab chiqaruvchi korxonalar oldin bir smenada ishlayotgan bo‘lsa, hozirda uch smenada ish yo‘lga qo‘yilgan. Bu degani ishlab chiqarish quvvatlari uch baravarga oshdi.

Bundan tashqari, dokalar ham tibbiy vositalar turiga kiradi. Yengil sanoat korxonalari bilan kelishgan holda niqoblar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yyapmiz. Yengil sanoat korxonalari tomonidan tibbiy niqoblarni ishlab chiqarish kuniga 2 mln donani tashkil qilmoqda.

Tibbiy niqoblarni ishlab chiqarishni osonlashtirish maqsadida litsenziyalash talabidan ozod qilyapmiz. Bu bilan vaqtdan yutyapmiz. Lekin litsenziyalashni olib tashladik, degani sifatsiz mahsulotlar ishlab chiqariladi, degani emas. Ular standartlar asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishadi.

Shuningdek, agentligimiz niqoblar ishlab chiqaruvchi tekstil korxonalari bilan muntazam aloqa o‘rnatgan. Muammolar vujudga kelgudek bo‘lsa, birgalikda bartaraf etyapmiz.

– Virusga qarshi dori vositalarining qanchasi import qilinmoqda va qanchasini o‘zimiz ishlab chiqaryapmiz?