Jamiyat | 18:13 / 24.03.2020
3633
2 daqiqa o‘qiladi

Karantin vaqtida boshqa davlatlardan pochta jo‘natmalarini qabul qilish to‘xtamaydi, lekin kechikishlar bo‘lishi mumkin

Bugungi kunda «O‘zbekiston pochtasi» AJ boshqa davlatlardan barcha turdagi pochta jo‘natmalarini sanitariya-epidemiologik jihatdan xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rgan holda qabul qilmoqda va yubormoqda. Bu haqida Axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmatov AOKA qoshidagi maxsus shtabda o‘tkazilgan onlayn brifingda ma'lumot berdi.

«Bir muhim jihatga e'tiboringizni qaratmoqchiman. Pochta xizmati strategik ahamiyatga ega, chunki har qanday ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, epidemiologik vaziyatda ham pochta xizmatiga bo‘lgan talab va taklif hech qachon to‘xtab qolmagan, aksincha, doimiy ravishda o‘sib boradi», deya ta'kidladi Sherzod Ahmatov.

Uning qayd etishicha, pochta tizimida xavfsizlikni ta'minlash, pochtalar orqali kelishi mumkin bo‘lgan turli epidemiologik holatlarning oldini olishga doimiy ravishda jiddiy e'tibor qaratilmoqda: Pochta sanitariya-epidemiologiya xizmati bilan parallel ravishda ish olib boradi.

«Bugungi kunda «O‘zbekiston pochtasi» AJ boshqa davlatlardan barcha turdagi pochta jo‘natmalarini sanitariya-epidemiologik jihatdan ularni xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rgan holda qabul qilmoqda va yubormoqda», deya Sherzod Ahmatovning so‘zlarini keltirmoqda muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, global xavfsizlik choralari kuchayishi tufayli ko‘pgina mamlakatlarda havo va temir yo‘llari transportlarining harakatlanish rejalari o‘zgartirilmoqda yoki kamaytirilmoqda.

Ko‘plab yo‘nalishlarga esa havo transporti qatnovi butunlay to‘xtatilgan. Shu tufayli ko‘p mamlakatlardan pochta jo‘natmalari kirib kelishida vaqt nuqtayi nazaridan muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Mavzuga oid