O‘zbekiston | 10:34 / 27.03.2020
11893
7 daqiqa o‘qiladi

Samarqand davlat universiteti Pedagogika institutining asosiy vazifalari belgilanmoqda

Samarqand davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish rejalashtirilmoqda

Foto: Samarqand davlat universiteti

Vazirlar Mahkamasining “Samarqand davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, Samarqand davlat universitetining asosan pedagogika ta'lim sohasining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Samarqand davlat universitetining Pedagogika instituti tashkil etilgan.

Belgilanishicha, Institut Universitetning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.

Samarqand viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Samarqand shahri, Spitamen shoh ko‘chasi, 166-uy hamda Dahbet ko‘chasi, 18-uy manzilida joylashgan Samarqand davlat universitetining bino va inshootlarini (mavjud jihoz va mebellari bilan) tegishli hududi bilan birgalikda Institut balansiga operativ boshqaruv huquqi asosida berish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.

Belgilanishicha:

Institutda o‘quv jarayoni 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi hamda talabalar kontingenti Universitetning asosan pedagogika ta'lim sohasining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida shakllantiriladi;

o‘quv dasturlari o‘zaro yaqin bo‘lgan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;

talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;

Institut Universitetning o‘quv va ilmiy laboratoriyalaridan, sport inshootlaridan hamda axborot-resurs markazidan rejalashtirilgan dars jarayonlariga ta'sir etmagan holda bepul foydalanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi 2020/2021 o‘quv yilida respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlarini ishlab chiqishda institutga talabalar qabul qilishni nazarda tutadi, keyingi yillarda qabul ko‘rsatkichlari viloyat korxona va tashkilotlarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda shakllantirilishi ta'minlanadi.

Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

hududda pedagogika soha va tarmoqlarining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalari, shuningdek, zamonaviy texnika hamda texnologiyalarning rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda pedagogika sohasi bo‘yicha oliy ma'lumotli kadrlarni tayyorlash;

ilmiy pedagogik kadrlarni ijtimoiy sheriklik asosida tayyorlash bo‘yicha ish beruvchilar, davlat boshqaruv organlari va ijtimoiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun ta'lim olish imkoniyatini kengaytirish va ilg‘or xalqaro tajribalarni tatbiq etish;

o‘quv va ilmiy laboratoriya xonalarini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlash hamda o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;

ta'lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida respublika va xorijiy yetakchi oliy ta'lim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;

oliy ma'lumotli mutaxassislar, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash borasidagi xorijiy tajribalarni amaliyotga qo‘llash, bitiruvchilarning kasbiy-malaka darajasi xalqaro mehnat bozorida tan olinishini ta'minlash;

jahondagi yetakchi va nufuzli oliy ta'lim muassasalarining ilg‘or tajribalarini, jumladan, modulli me'yoriy o‘quv dasturi (Curriculum globALE)ni tatbiq etish asosida malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish, o‘quv va ilmiy-uslubiy ta'minotni takomillashtirish va amaliyotga tatbiq qilish;

yangi avlod o‘quv-ilmiy adabiyotlarini yaratish, ularni ta'lim va ilmiy jarayonlarga keng tatbiq etish, yangi adabiyotlar sotib olish, Axborot-resurs markazi fondini muntazam yangilab borish;

ta'lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va ta'lim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini ta'minlash;

pedagogika ta'lim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilg‘or xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish;

pedagog kadrlarning ilmiy salohiyati, kasbiy va malakaviy bilim darajasini uzluksiz rivojlantirib borish mexanizmlarini joriy etish, ularning pedagogik mahoratlarini rivojlantirishda xorijiy oliy ta'lim muassasalarining ilg‘or tajribalaridan keng foydalanish;

yuksak madaniyatli, amaliy kasbiy ko‘nikmaga ega, tarbiya, o‘qitish metodlari va baholash mezonlarini puxta egallagan zamonaviy pedagog kadrlar, jumladan, chet tillarida dars beruvchi yosh pedagog xodimlar qatlamini kengaytirish, ularning mehnatini moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish;

mamlakatimizda pedagogika fani bo‘yicha erishilgan yutuqlarni, xorijiy mamlakatlar ta'lim muassasalarining tajribasini, shuningdek, ta'lim muassasalarining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv-metodik adabiyotlar hamda innovatsion o‘quv-me'yoriy va ta'lim resurslarini yaratish;

respublika va xorijiy oliy ta'lim muassasalari hamda ilmiy markazlarga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.

Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari;

to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;

xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik mablag‘lari;

xalqaro grantlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Mavzuga oid