27 mart holatiga ko‘ra, Germaniyada 47 mingdan ortiq kishi kasallikka chalingan, ammo o‘rtacha o‘lim ko‘rsatkichi atigi 0,5 foizni tashkil etmoqda.
Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich Italiyada – 10,1, Ispaniyada – 7,5, Eronda – 7,3 foizga teng.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu holatga aniq izoh bera olmadi.
«Bunga javob yo‘q, – dedi JSST xodimi Richard Pibodi. – Aftidan, bunga bir necha omillar ta'sir ko‘rsatmoqda».
Buning ehtimoliy sabablari nima? Mutaxassislarning fikri quyidagicha.
1. Sifatli tibbiyot
Germaniya sog‘liqni saqlash tizimi holati qo‘shni mamlakatlarnikiga nisbatan ancha yaxshi. Intensiv terapiya bo‘limlari 25 mingta koykaga mo‘ljallangan bo‘lsa, bu raqam Fransiyada – 7000, Italiyada – 5000, Britaniyada esa 4000dan sal ortiqroqni tashkil etadi.
Bu – bemorlarning yashab qolish imkoniyatini oshiradi.
Italiya va Fransiyadagi kabi kasalxonalar to‘lib ketishining oldini olish uchun GFR hukumati intensiv terapiya bo‘limlaridagi koykalar sonini ikki baravarga oshirishini e'lon qildi.
Mehmonxonalar va yirik jamoat binolari yengil va o‘rtacha og‘irlikdagi bemorlar davolanadigan kasalxonalar sifatida qayta jihozlanmoqda. Bu esa shifokorlarga og‘ir kasallarni davolashga e'tibor qaratish imkonini beradi.
2. Barvaqt diagnostika
Berlindagi Charité klinikasi qoshidagi virusologiya instituti direktori Kristian Drostenning aytishicha, barvaqt diagnostika infeksiyaga qarshi kurashda katta yordam beradi.
«Biz kasallikni erta bosqichidayoq aniqlash va bemorlarni kuzatib turish bo‘yicha oldindamiz», – dedi u.
Institut tadqiqotchilari virusni aniqlaydigan testni yanvardayoq ishlab chiqib, bu borada birinchilardan bo‘lgandi.
Bundan tashqari, Germaniyada mustaqil laboratoriyalar tarmog‘i ishlamoqda. Ularning aksariyati yanvar boshida, bemorlar hali ozligida tahlillarga kirishgandi.
Laboratoriyalar ko‘pligi tufayli mamlakatda sutkasiga 12 mingta tahlil olish mumkin.
Germaniyada tekshiruvdan o‘tish nisbatan oson. Kasallik simptomi aniqlangan yoki bemor bilan muloqot qilgan yoxud kasallik tarqalgan joylardan kelgan har bir kishi tahlil topshirish huquqiga ega.

















