Shu sababli, COVID-19 bilan bog‘liq holatda ham bugun jahonda ko‘pchilik ana shunday mavsumiylik kutayotganining hech ajablanarli joyi yo‘q, deb yozadi BBC.

Dekabr oyining o‘rtalaridan boshlab virus Xitoyda shiddat bilan tarqala boshlaganidan buyon u chegaralarni yorib o‘tdi va bugun AQSh hamda Yevropada kasallangan soni kun sayin ko‘payib bormoqda.

Virusning eng yirik tarqalishlaridan ayrimlari sovuq havo hukm surayotgan mintaqalarda ro‘y berdi. Shu sababli, odamlarda yoz kelgach pandemiya chekinadi, degan umid paydo bo‘lgan. Biroq, ko‘plab ekspertlar yozgi harorat virusni o‘ldiradi, deb ishonavermaslik kerakligidan ogohlantirishmoqda.

Bunday ehtiyotkorlik ma'lum bir asosga ega.

COVID-19 chaqiruvchi virus (uning rasmiy nomi SARS-CoV-2) – tadqiqotchilar uchun o‘ta yangi. Olimlarda hozircha uning faolligiga mavsumdan mavsumga qarab o‘zgarishini tasdiqlovchi statistik ma'lumotlar yo‘q.

2003 yilda unga o‘xshash SARS virusini tezda jilovlashga muvaffaq bo‘lingan, shu sababli bu virusga ham yil fasllari qanday ta'sir qilishi borasida ma'lumot kam.

Biroq, insonlar uchun yuqumli bo‘lgan ayrim boshqa kornaviruslarga qarshi kurashish tajribasi COVID-19 alal-oqibatda mavsumiy kasallikka aylanishi yoki yo‘qligini tushuntirishda asqotadigan ayrim ilmoqlarni taqdim etadi.

Foto: Getty Images

Shimoliy yarimsharda yoz kelishi bilan koronavirusni yuqtirish darajasi pasayishidan ko‘pchilik umidvor

Edinburg universitetining yuqumli kasalliklar markazida ishlovchi Keyt Tumplton tomonidan 10 yilcha avval o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, koronaviruslarning uch turi «sezilarli mavsumiy xarakter» namoyish etgan. Ya'ni, ular gripp xarakteriga ega bo‘lib, dekabrdan aprelgacha bo‘lgan sovuq oylarda bo‘y ko‘rsatgan.

Immun tizimi zaiflashgan patsiyentlardan olingan to‘rtinchi koronavirus esa o‘zini oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan darajada tutgan.

COVID-19 ham mavsumiy bo‘lishi mumkinligi borasida ayrim shamalar bor. Yangi kasallikning jahon bo‘ylab baravj tarqalishi virus sovuq va quruq sharoitlarni yaxshi ko‘radi, degan taxminga borish uchun asos bo‘ladi.