Afsuski, xavfli ssenariylar allaqachon haqiqatga aylandi. Virusning dunyo mamlakatlari, ayniqsa, Yevropa va AQShga tarqalishi dastlabki hisob-kitoblardan ko‘ra ancha yuqori bo‘lgan iqtisodiy xavfni yuzaga keltirdi.

Taqqoslash oson emas, ammo...

Sovid-19 global iqtisodiyotda katta o‘zgarishlarga olib kelishi shubhasiz. Jahon iqtisodiyotining o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda turli xil kesimlarda qanday o‘zgarishlarga yuz tutishi mumkinligi haqida fikr bildirishdan avval bir necha masalani alohida ajratib ko‘rsatish kerak.

Taqqoslash oson bo‘lmasa-da, o‘tmishdagi ulkan bo‘hronlardan so‘ng global iqtisodiyotning qay tarzda tanazzulga yuz tutganini ko‘rib chiqish tarixiy tajriba nuqtayi nazaridan asqotadi. Ammo barcha nazariy bilimlar va tarixiy tajribalar ham muayyan voqelikni baholashda yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shu ma'noda tahlildagi ba'zi fikrlar spekulyativ xarakter kasb etishi muqarrar.

Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng ulkan «tarixiy qulash»

Foto: EPA/Vostock-photo

2020 yilning birinchi yarim yilligida global iqtisodiyot «tarixiy qulash» jarayonini boshdan kechirmoqda. Talab va taklif shoklari bilan bir qatorda moliya bozorlarida qo‘rqinchli tebranishlar mavjud. Bugungiday barcha nomutanosibliklar bir vaqtda yuzaga kelgan va to‘planib qolgan holat ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilmagan edi.

Mazkur inqirozni 1929 yildagi yoki boshqa bo‘hronlar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Zotan, global iqtisodiy faoliyatdagi yo‘qotishlarni qoplash uchun 1,5-2 yil kerak bo‘lishi mumkin. Ayni damda iqtisodiyotda ro‘y berayotgan vayronagarchilikka nuqta qo‘yish esa g‘oyat mushkul. Chunki noma'lum parametrlar juda ko‘p. Iqtisodiy tiklanishning qanchalik tez amalga oshirilishi epidemiyaning ikkinchi to‘lqinining qay daraja jiddiyligiga va joriy etilgan qutqaruv paketlarining naqadar samarali bo‘lishiga bog‘liq. Ha, ushbu jarayonda mamlakatlar Sovid-19 inqirozidan imkon darasida tezroq chiqib ketishga harakat qilishlari aniq. Ammo unutmaslik kerakki, har bir mamlakatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari global iqtisodiyotning umumiy yo‘nalishiga ham bog‘liq, chunki epidemiya global xarakterga ega.

Global gegemonlik kurashida kim g‘olib bo‘ladi?