Karantin sharoitlari tabiiyki xilma-xil. Dastlab kelganlar maxsus sanatoriylarga joylashtirildi. Keyin sihatgohlar to‘lib borishiga qarab shifoxonalar, yotoqxonalarga vaqtincha joylashtirishlar boshlandi. Sharoit turlicha bo‘lsa-da, eng muhim talablar hamma joyda ta'minlandi – karantindagilarga bepul ovqat, yotoq joy, doimiy tibbiy nazorat va zarur hollarda dori-darmon yetkazib turilyapti.
Ular joylashgan hudud muntazam qo‘riqlanyapti, tinchlik va karantin rejimini saqlash uchun bir necha xizmatlar tun-u kun safarbar qilingan.
Ammo mana shu vaziyatni tushunmaydigan, holatni ko‘ra-bila turib norozilik bildiradigan, qarshilik ko‘rsatadigan va qochib ketishga uringanlar chiqqani juda qiziq bo‘ldi. Qochib ketganlar tutib kelingani va jazoga tortilgani alohida mavzu. Hozir yaratilgan sharoitlardan norozi bo‘lganlar haqida so‘z yuritmoqchimiz.
Dastlab Qibraydagi sihatgohlarning biriga joylashtirilganlar xonalar changligi, hammomlar ko‘ngildagidek emasligini atroflicha tasvirga tushirib, dod solib chiqishdi. Qizig‘i, ular ko‘rsatayotgan videoda inson nafaqat murakkab vaziyatda yashab turishi, hatto dam olish maqsadida ham ma'lum muddat bo‘lishi uchun yetarli sharoit bor edi. Achinarlisi, o‘sha dod-voy qilayotganlar ayol kishilar bo‘lib, gap so‘zlaridan mutlaqo sog‘lom edilar.

Xo‘sh, sog‘san, ayol kishisan, vaqting bemalol – sen yotadigan (aslida sen aytayotganday iflos ham bo‘lmagan) joyni kimdir kelib tozalab berishi kerakmi? O‘zingni qo‘lingdan kelmaydimi?
Yana biri yonma-yon qo‘yilgan karavotlardagi oppoq choyshablarni tortqilab bu joyda yotmasligini iddao qiladi. Baraka topgur, hech kim seni dam olishga, o‘ynab kulishga olib kelgani yo‘q. Bu 14 kunlik kurort emas – karantin!
Rossiyadan keltirilganlarning bir toifasiki hammasidan oshib tushdi. Ular bir xonaga 5-6 kishi joylanganini, hammom va hojatxonalar umumiy ekanidan nolib, ayyuhannos solishdi.
Sal orqaga qaytsak. Shu yurtdoshlarimiz olib kelinmaganida, aeroportlarda qolib ketganlarida nima bo‘lardi? Axir qanchasi qolib ham ketdi-ku. Mayli, olib kelinib, joylashtirilgan sharoitdan, berilgan ovqatdan norozi ekanlar. Rossiyada shu paytga qadar besh yulduzli VIP mehmonxonada yashab kelishganmi?
Rossiyada bir xonadonda o‘nlab, yotoqxonalar yuzlab kishilar bir joyda yashashlarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib kelganmiz-ku.



















