Amerikalik taniqli iqtisodchi Nuriel Rubini hozirgi epidemiya yirik iqtisodiy va geosiyosiy inqirozga aylanib ketadi deb hisoblamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus dunyodagi zamonaviy tartibni chok-chokidan so‘kmoqda. Uzoq davom etuvchi iqtisodiy «muzlik davri» boshlanadi, milliy nizolar kuchayadi, chegaralar yopiladi, proteksionizm hukmronlik qiladi va ish harbiy harakatlargacha yetib borishi mumkin. Tadbirlarning barchasi onlayn o‘tkaziladi, yirik yarmarkalar, spektakllar bekor qilinadi, savdo markazlari yopiladi, xaridlar asosan internet orqali amalga oshiriladi. Uydan ishlash va onlayn xizmatlar ko‘rsatish avj oladi.
Darhaqiqat, hozirda inqiroz simptomlari kuchaymoqda: jahon birjalarida aksiyalar kursi tushmoqda, oltin narxi oshmoqda, xalqaro xo‘jalik aloqalari uzilmoqda. BDI Germaniya sanoatchilari uyushmasi hisobotida qayd etilishicha, koronavirus epidemiyasi mamlakat iqtisodiyotiga o‘ta salbiy ta'sir ko‘rsatdi, YaIM o‘sishi deyarli to‘xtab qoldi. Epidemiya davom etadigan bo‘lsa, barcha asosiy ko‘rsatkichlar minusga qarab ketadi. S&P Global Ratings agentligining hisobotiga ko‘ra, koronavirus tarqalishining davom etishi Osiyo-Tinch okeani hududi iqtisodiyotiga 211 milliard dollar zarar keltiradi.
Aksariyat G‘arb kuzatuvchilarining fikricha, koronavirus butun dunyoni shok holatiga solib qo‘ydi. Geosiyosiy mavhumlik, populizm, proteksionizm iqtisodiyotga salbiy ta'sir ko‘rsatib bo‘lgandi, koronavirus epidemiyasi esa bu tendensiyalarni yanada kuchaytirdi. Ularning o‘sib borishi transport va ishlab chiqarish munosabatlarining buzilishiga olib keladi va hozirgi ko‘rinishdagi globallashuvga nuqta qo‘yadi.
Nemis iqtisodchisi Mark Shiritsning «Tsayt» gazetasida yozishicha, jiddiy jahon inqirozi yuz bermaydi. Hattoki jahon fond bozorlari qulasa va iqtisodiy o‘sish sur'atlari keskin tushib ketsa ham 2008 yildagi kabi moliyaviy inqiroz takrorlanishi ehtimoli kam. Bu fikrga quyidagilar asos bo‘ladi:
- Birinchidan, Lehman Brothers bankining bankrot bo‘lishi inqirozning sababi emas, portlatuvchisi bo‘lgan. O‘sha paytda jahon iqtisodiyotida sezilarli nomutanosibliklar to‘planib qolgandi. AQSh, Ispaniya, Irlandiya va qator mamlakatlardagi mulk bozorlarida ulkan ko‘piklar paydo bo‘lgan, banklar yetarlicha «xavfsizlik yostiqchasi»ga ega bo‘lmasdan turib o‘ta xatarli operatsiyalarga aralashib qolgandi. Bugungi kunda bank balanslari ancha yaxshi holatda. Boshqacha aytganda, agar Lehman Brothers hozirgi kunda bankrot bo‘lganida bu jahon moliyaviy inqirozini keltirib chiqarmasdi.


















