O‘tgan yil dekabr oyida prezident jinoyat-protsessual qonunchilikni takomillashtirish haqida ko‘rsatma bergan edi. Aniqroq qilib aytganda – manfaatdor shaxslarga prokuror, surishtiruvchi yoki tergovchining qarorlari ustidan bevosita sudga shikoyat qilish huquqini berish haqida. Oliy sudga Bosh prokuratura, DXX, IIV va Adliya vazirligi bilan birgalikda tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish topshirilgan edi.
Norma’ning yozishicha, ular buning ustida ishlab, JPKga kiritiladigan tuzatishlar paketini muhokamaga qo‘ydilar. Qonun loyihasi mualliflari qarorlar kesimida manfaatdor shaxslar doirasini belgiladilar:
taftish o‘tkazish to‘g‘risida – gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi, tekshirilayotgan sub'yektning vakolatli mansabdor shaxsi yoki vakili;
jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risida – o‘ziga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan shaxs, ayblanuvchi, uning himoyachisi, qonuniy vakili;
jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida – jinoyat sodir etilganligi to‘g‘risida xabar yuborgan fuqaro, korxonaning, muassasaning, tashkilotning, jamoat birlashmasining vakili yoki mansabdor shaxs;
jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruvni, dastlabki tergovni to‘xtatish to‘g‘risida – gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi, jabrlanuvchi, fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari;
jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida – gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi, jabrlanuvchi, fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari, o‘z xabariga ko‘ra ish qo‘zg‘atilgan korxona, muassasa, tashkilot vakili yoxud fuqaro.
Ko‘rsatilgan sub'yektlar aytib o‘tilgan qarorlarning ko‘chirma nusxalarini oladilar, ularda boshqa ma'lumotlar qatori ular ustidan shikoyat qilish tartibi qayd etiladi. Bunda jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi va qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorlarning ko‘chirma nusxalari manfaatdor shaxslarga 3 kunlik muddatda taqdim etilishi yoki elektron shaklda yuborilishi kerak.
Taftish o‘tkazish to‘g‘risidagi, jinoyat ishini qo‘zg‘atish haqidagi, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ustidan uning ko‘chirma nusxasi olingan kundan e'tiboran 10 kun ichida shikoyat berilishi mumkin. Jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruvni, dastlabki tergovni to‘xtatish to‘g‘risidagi, jinoyat ishini tugatish haqidagi qaror ustidan esa u chiqarilgan kundan e'tiboran bir yil ichida shikoyat qilinishi mumkin.















