O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qayd etilishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Xalq tabobati sohasidagi 2014-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiya amalga oshirilmoqda. Uning maqsadi quyidagi yo‘nalishlarda a'zo mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat:

salomatlik, osoyishtalik, insonlarga qaratilgan tibbiy-sanitar yordam ko‘rsatishni ta'minlash, tibbiy-sanitariya xizmatlari sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan yalpi qamrab olishni kengaytirish hamda iste'molchilarga o‘z sog‘lig‘i haqida g‘amxo‘rlik qilish borasida ongli tanlov uchun imkoniyatlar yaratishda xalq tabobatining salohiyatidan foydalanish;

me'yorlar va qoidalarni belgilash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda xalq tabobati mahsulotlari va amaliyotini sog‘liqni saqlash tizimiga integratsiyalash, kadrlar malakasini oshirish, davolash ko‘nikmalari, xizmatlari va usullarini takomillashtirish yo‘li bilan xalq tabobatini xavfsiz va samarali qo‘llashga lozim darajada ko‘maklashish.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ekspertlarini jalb qilgan holda, O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi, “Tabobat” akademiyasi va manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvarga qadar prezidentning 2021-2025 yillarda O‘zbekistonda xalq tabobatini rivojlantirish konsepsiyasini maqsadli ko‘rsatkichlar (indikatorlar) hamda uni amalga oshirishga doir yillar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bilan birgalikda tasdiqlashni nazarda tutuvchi qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Ushbu Konsepsiyani ishlab chiqishda quyidagilarga alohida e'tibor qaratiladi:

taklif etilayotgan chora-tadbirlarning prezidentning 2018 yil 7 dekabrdagi PF–5590-son farmoni bilan tasdiqlangan va hozirda amalga oshirilayotgan 2019-2025 yillarda O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi bilan uzviy bog‘liqligi;

aniq mexanizmlar va bosqichlarni ko‘rsatgan holda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Xalq tabobati sohasidagi 2014-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida nazarda tutilgan tavsiyalar va takliflarni amalda bajarish;

Xitoy, Koreya, Yaponiya, Hindiston, Vetnam, Fransiya, Rossiya va boshqa mamlakatlarning xalq tabobatini rivojlantirish borasidagi ilg‘or institutsional tajribasini, shu jumladan, joyiga borib keng o‘rganish;

o‘tkazilgan tahlillar va tadqiqotlar asosida xalq tabobati vositalari va usullarining sifati hamda xavfsizligini tartibga solishning institutsional mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, uning asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirish.